Oliygohda “San’atga baxshida umr” — Abduhoshim Ismoilov ijodiga bir nazar nomli ma’naviy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi
2026-06-08 16:10:00 / Yangiliklar

Bugun, 8-iyun kuni Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, mohir g‘ijjak ijrochisi, fidoyi ustoz hamda milliy musiqa san’atining yorqin namoyandalaridan biri Abduhoshim Ismoilovning serqirra ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan “San’atga baxshida umr” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy kecha tashkil etildi.
Tadbirda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, tizim tashkilotlari rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, san’at ahli, yosh ijodkorlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuv davomida Abduhoshim Ismoilovning milliy musiqa san’atini rivojlantirish, g‘ijjak ijrochiligi maktabini boyitish, yosh iste’dodlarni tarbiyalash va ustoz-shogird an’analarini davom ettirish yo‘lidagi ko‘p yillik samarali faoliyati alohida e’tirof etildi.
Tadbir ishtirokchilari san’atkorni tavallud ayyomi bilan samimiy muborakbod etib, unga sihat-salomatlik va ijodiy muvaffaqiyatlar tiladi. Ma’naviy-ma’rifiy kecha davomida ustoz san’atkorning boy ijodiy merosi, san’at yo‘lidagi izlanishlari va erishgan yutuqlari haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, uning ijrosidagi nodir asarlar, san’atkor haqidagi videolavhalar, ijodiy fikr-mulohazalar hamda maqolalar tadbir qatnashchilariga namoyish etildi.
Ta’kidlanganidek, milliy madaniyat va san’at xalqning ma’naviy qiyofasi, tarixiy xotirasi hamda bebaho qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan ulkan boylik hisoblanadi. Asrlar davomida shakllangan milliy ijrochilik maktablari, mumtoz musiqa an’analari va ustoz-shogird qadriyatlari xalqimizning boy ma’naviy merosini avloddan avlodga yetkazib kelmoqda.
Bugungi kunda ushbu merosni asrab-avaylash, uni yanada rivojlantirish va yosh avlod qalbiga singdirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Shu ma’noda, “San’atga baxshida umr” ma’naviy-ma’rifiy kechasi milliy musiqiy merosimizni ulug‘lash, ustoz san’atkorlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish hamda yoshlarni milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan muhim ma’rifiy tadbir sifatida alohida ahamiyat kasb etdi.






