“Qo‘shrabot navosi – 2026” respublika baxshilar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi
2026-05-31 14:45:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 29–30-may kunlari Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Respublika baxshichilik san’ati markazi hamda Qo‘shrabot tumani hokimligi hamkorligida uchinchi marotaba “Qo‘shrabot navosi – 2026” respublika baxshilar ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Milliy baxshichilik san’ati, dostonchilik an’analari va xalq og‘zaki ijodi namunalarini keng targ‘ib etishga qaratilgan mazkur nufuzli tadbir yurtimizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 70 nafardan ortiq baxshi va doston ijrochilarini bir maydonga jamladi.
Tadbir xalq baxshichilik maktabining yorqin namoyandasi, ulug‘ baxshi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li haykali poyiga gul qo‘yish marosimi hamda uning uy-muzeyini ziyorat qilish bilan boshlandi. Ishtirokchilar baxshining hayoti va ijodiy merosi bilan yaqindan tanishdilar.
Ko‘rik-tanlov doirasida “Qo‘rg‘on dostonchilik maktabi va Ergash Jumanbulbul o‘g‘li merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etilib, konferensiyada baxshichilik san’atining ilmiy asoslari, Qo‘rg‘on dostonchilik maktabining shakllanishi va rivojlanishi, ustoz-shogird an’analari, xalq dostonlarini tadqiq etish hamda ulug‘ baxshining boy ijodiy merosini asrab-avaylash masalalari muhokama qilindi.
Tanlov jarayonida baxshilar xalqimizning bebaho og‘zaki merosi hisoblangan “Alpomish”, “Go‘ro‘g‘li”, “Kuntug‘mish” va boshqa dostonlardan parchalarni mahorat bilan ijro etdilar. Ishtirokchilar yosh baxshilar (10–19 yosh) hamda katta yoshdagi ijrochilar yo‘nalishlarida baholandi.
Festivalning tantanali tadbirlari “Jo‘sh ota” istirohat bog‘ida tashkil etilgan gala-konsert bilan davom etdi. Unda baxshilar, folklor jamoalari va san’at ustalarining chiqishlari tomoshabinlarga bayramona kayfiyat ulashdi.








