Poytaxtda “C5+1” formatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-06-05 19:00:00 / Yangiliklar

Bugun dunyo davlatlari global beqarorlik, iqlim o‘zgarishi, pandemiyalar, raqamli transformatsiya, axborot xurujlari, madaniy o‘ziga xoslikning zaiflashishi hamda an’anaviy insoniy qadriyatlarning yemirilishi kabi murakkab jarayonlarga duch kelmoqda. Bunday global o‘zgarishlar sharoitida hech bir davlat zamonaviy tahdid va murakkab chaqiriqlarga yolg‘iz holda samarali qarshi tura olmaydi. Madaniyat esa tobora jamiyatlar, jamoatchilik fikri va hatto xalqaro munosabatlarga ta’sir ko‘rsatuvchi eng muhim kuchlardan biriga aylanmoqda.
Xuddi shu maqsadda, 2025-yilning 7-noyabr kuni AQSHning Vashington shahrida Prezident Donald Tramp raisligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovlar ishtirokida “C5+1” formatidagi sammitida ishtirok etishgandi.
“C5+1” formati doirasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida davlatimiz rahbari qator tashabbuslarni ilgari surgandi. Tashabbuslar orasida madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash ham belgilangan edi.
Sammit doirasidagi vazifalarni amalga oshirish maqsadida, bugun, 5-iyun kuni Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari madaniyat vazirlari hamda AQSH Davlat kotibi vakili bilan “C5+1” formatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vaziri Aida Balayeva, Qirg‘iz Respublikasi Madaniyat, axborot va yoshlar siyosati vaziri Mirbek Mambetaliyev, Tojikiston Respublikasi Madaniyat vaziri Matluba Sattoriyon, Turkmaniston Madaniyat vaziri o‘rinbosari Gurbanmurot Miradaliyev hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat kotibining jamoat diplomatiyasi va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha o‘rinbosari Sara Rojers ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida madaniyat va san’at sohasida hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma madaniy loyihalarni amalga oshirish, ijodiy almashinuv dasturlarini rivojlantirish, shuningdek, madaniy merosni asrash va targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.
“Bugungi kunda “Markaziy Osiyo plyus” formati xalqaro munosabatlarda tobora ortib borayotgan ahamiyati bilan alohida e’tiborga molikdir. Jadal o‘zgarayotgan va turli ziddiyatlarga boy zamonaviy dunyoda muloqot, o‘zaro ishonch va amaliy hamkorlikka asoslangan platformalar endi shunchaki zarurat emas, balki obyektiv ehtiyojga aylanmoqda. Eng muhimi, bugungi hamkorligimiz mustahkam va mazmunli poydevorga ega. Xususan, 2025-yil 7-noyabrda davlat rahbarlarining C5+1 formatidagi Sammitda kelishilgan Madaniy meros sohasida qo‘shma bayonoti mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama madaniy va gumanitar hamkorlikni yanada chuqurlashtirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Endilikda oldimizda turgan asosiy vazifa — mazkur siyosiy irodani aniq amaliy harakatlarga, uzoq muddatli hamkorlikka va barqaror C5+1 mintaqaviy sheriklikka aylantirishdan iboratdir” – dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Uchrashuv davomida quyidagi bir qator takliflar ilgari surildi. Jumladan,
- tizimli muloqot va qo‘shma tashabbuslarni amaliy muvofiqlashtirish maqsadida doimiy faoliyat yurituvchi “C5+1 Madaniyat bo‘yicha ishchi guruhi”ni tashkil etish;
- “C5+1” mamlakatlari o‘rtasida sun’iy intellekt, raqamli transformatsiya, kreativ industriyalar, madaniy diplomatiya, turizm va innovatsiyalar mavzulariga bag‘ishlangan “C5+1 Madaniyat va innovatsiyalar forumi”ni yo‘lga qo‘yish;
- kino, musiqa, nashriyotchilik, hunarmandchilik, festivallar, ko‘rgazmalar, dizayn va qo‘shma koproduksiya loyihalari orqali kreativ industriyalar va madaniy mobillikni kengaytirishni qo‘llab-quvvatlash;
- AQSHning Fulbright Program, Hubert H.Humphrey Fellowship Program, International Visitor Leadership Program kabi nufuzli ta’lim va almashinuv dasturlarida ishtirok etish uchun madaniyat, san’at, muzeylar, kreativ industriya va madaniy ta’lim muassasalari vakillari uchun Markaziy Osiyo mamlakatlariga ajratiladigan kvotalar va ishtirok imkoniyatlarini bosqichma-bosqich kengaytirish;
-O‘zbekiston Amerika hamkorlari bilan birgalikda madaniy ta’lim muassasalari qoshida maxsus “English for Culture” markazlarini tashkil etish takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida “C5+1” formatidagi madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, muntazam muloqot va qo‘shma tashabbuslarni tizimli davom ettirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mazkur uchrashuv mintaqa davlatlari va AQSH o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bugun madaniyat — bu faqat o‘tmishni saqlash emas, balki kelajakni shakllantirish hamdir.








