Bir guruh yosh iste’dod egalari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
2026-05-25 18:55:00 / Yangiliklar

So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan san’at va madaniyat sohasini rivojlantirish, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy va raqobatbardosh san’at asarlarini yaratish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu e’tibor va g‘amxo‘rlik natijasida san’at va madaniyat sohasi yuksak natijalarga erishmoqda.
O‘zbekistonda yoshlarga e’tibor davlat siyosati darajasida eng ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Mamlakatda aholining katta qismi yoshlar bo‘lgani uchun ularning ta’lim, bandlik, ijod va ijtimoiy hayotda faol ishtirokini ta’minlashga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bugun, 25-may kuni Madaniyat vazirligida bir guruh yosh iste’dod egalari “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
“Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov tomonidan tantanali ravishda o'z egalariga taqdim etildi.
Amalga oshirilayotgan mazkur chora-tadbirlar aholining madaniy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish, ayniqsa, hududlarda madaniyat va san’atga bo‘lgan qiziqishni oshirishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, joylarda madaniy muhitni faollashtirish, aholining bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash hamda ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga mustahkam zamin yaratmoqda. Bu kabi tashabbuslar hududlarda madaniy hayotni yanada jonlantirib, sohaning barqaror rivojlanishiga xizmat qiladi.
Ma'lumot o'rnida, “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni bugungi kunga qadar 2 mingdan ortiq soha vakillari hamda soha rivojiga hissa qo'shgan hamkor tashkilot vakillariga taqdim etilgan.
Eslatib o'tamiz, Madaniyat vazirligi tizimida jami 40 ming nafarga yaqin xodimlar faoliyat yuritmoqda.









