III Xalqaro maqom san’ati anjumaniga qizg‘in tayyorgarlik davom etmoqda
2026-05-19 18:15:00 / Yangiliklar

O‘zbek milliy maqom san’ati markazida joriy yilning eng muhim madaniy tadbirlaridan biri — “III Xalqaro maqom san’ati anjumani”ga tayyorgarlik ishlari izchil davom ettirilmoqda. Ayni kunlarda anjuman dasturlarini puxta shakllantirish, tashkiliy jarayonlarni yuqori saviyada tashkil etish hamda mehmonlar uchun qulay sharoitlar yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Tayyorgarlik jarayonlari bilan yaqindan tanishish maqsadida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov markazda bo‘lib, amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi. U anjuman oldidan bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar, texnik va tashkiliy masalalar yuzasidan mas’ullarga tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berdi. Xususan, sahna bezaklari, ovoz va yoritish tizimlari, mehmonlarni kutib olish, tarjima xizmatlari, ilmiy-amaliy konferensiyalarni tashkil etish hamda ommaviy axborot vositalari bilan ishlash bo‘yicha muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tildi.
Ta’kidlanganidek, xalqaro anjumanni yuqori saviyada o‘tkazish nafaqat milliy maqom san’atining nufuzini oshirish, balki O‘zbekistonning boy madaniy merosini dunyo hamjamiyatiga keng targ‘ib qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois tayyorgarlikning har bir bosqichiga mas’uliyat bilan yondashish zarurligi qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 23–26-iyun kunlari Namangan shahrida UNESCO hamda ICESCO shafeligi ostida “III Xalqaro maqom san’ati anjumani” bo‘lib o‘tadi. Mazkur nufuzli madaniy forum dunyoning turli mamlakatlaridan maqom va an’anaviy musiqa san’ati namoyandalari, olimlar, tadqiqotchilar hamda ijrochilarni bir maydonga jamlaydi.
Anjuman doirasida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, maqom kechalari, gala-konsertlar, ijodiy uchrashuvlar va madaniy tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, yosh ijrochilar uchun mahorat darslari va tajriba almashuv maydonlari ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa milliy musiqa san’atining noyob an’analarini yosh avlodga yetkazish, maqom ijrochiligi maktablarini rivojlantirish hamda xalqaro madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda maqom san’ati xalqimizning ko‘p asrlik ma’naviy merosi, milliy o‘zligimiz va estetik tafakkurining ajralmas qismi sifatida e’tirof etiladi. Shu ma’noda, “III Xalqaro maqom san’ati anjumani”ning o‘tkazilishi nafaqat madaniy hayotimizdagi muhim voqea, balki o‘zbek milliy san’atining xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirishga xizmat qiladigan yirik madaniy platforma sifatida ham katta ahamiyatga ega.






