Madaniyat vazirligi delegatsiyasi xizmat safari bilan Singapurda bo‘ldi
2026-05-14 12:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasining Singapur davlatidagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi delegatsiyasining Singapurga xizmat safari amalga oshirildi.
Mazkur tashrif mamlakatimiz madaniyat va san’at sohasini modernizatsiya qilish, sohaga ilg‘or xalqaro tajriba hamda yuqori texnologiyalarni jalb etish yo‘lidagi navbatdagi strategik qadam bo‘ldi.
Xizmat safari davomida delegatsiya a’zolari Singapurning jahon miqyosidagi nufuzli ta’lim muassasalari Nanyang texnologik universiteti professori Hans Martin Rall hamda Singapur menejment universiteti professori George Wong bilan samarali muzokaralar o‘tkazdilar.
Uchrashuvlar chog‘ida xorijlik mutaxassislarga O‘zbekistonda madaniyat sohasida olib borilayotgan tub islohotlar va sohani raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Nanyang texnologik universitetining San’at, dizayn va media maktabi bilan madaniyat va san’at xodimlari uchun raqamli innovatsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslarini tashkil etish, madaniyat va san’at muassasalariga yuqori texnologiyali raqamli media yechimlarini integratsiya qilish hamda Universitet professor o‘qituvchilarining Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ta’lim muassasalarida mahorat darslarini tashkil etish muhokama qilindi.
Shuningdek, xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida teatr tomoshalarini sinxron tarjima qilish tizimini hamkorlikda ishlab chiqishga alohida urg‘u berildi.Shu bilan bir qatorda, Singapur menejment universiteti bilan hamkorlikda madaniyat muassasalarini boshqarishning zamonaviy usullarini joriy etish, soha xodimlari uchun qisqa muddatli menejment kurslarini yo‘lga qo‘yish va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha fikr almashildi.
Muzokaralarning muhim qismi sifatida O‘zbekistonda madaniyat kartalarini joriy etish va ushbu tizim orqali olingan ma’lumotlarni tahlil qilishda Singapur tajribasidan foydalanish bo‘yicha hamkorlik belgilab olindi.
Akademik doiradagi aloqalarni mustahkamlash maqsadida universitet professorlarining madaniyat sohasidagi ilmiy tadqiqotlari natijalari bilan o‘zaro almashish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.
Muzokaralar natijasiga ko‘ra Madaniyat vazirligi hamda ta’lim muassasalari tomonidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish boyicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqilishi belgilab olindi.
