Namanganda YUNESKO va AYSESKO shafeligi ostida “III Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkaziladi
2026-05-06 10:05:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 23–26-iyun kunlari Namangan viloyatining Namangan shahrida YUNESKO va AYSESKO shafeligi ostida “III Xalqaro maqom san’ati anjumani” o‘tkaziladi.
Mazkur nufuzli madaniy tadbir 2018-yildan buyon har ikki yilda bir marotaba tashkil etilib kelinmoqda. Forumning asosiy maqsadi — Sharq mumtoz musiqa san’atining noyob yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan maqom san’atini keng targ‘ib qilish, uni asrab-avaylash va rivojlantirish, yoshlar orasida mazkur san’at turiga qiziqishni oshirish, shuningdek, xalqaro miqyosda madaniy va ilmiy-ijodiy hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Forum doirasida quyidagi asosiy tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan:
🔹 ilmiy-amaliy konferensiya;
🔹 maqom ansambllari, xonandalar va cholg‘uchilar o‘rtasida xalqaro tanlov;
🔹 O‘zbekiston va xorijning taniqli san’atkorlari ishtirokida yakkaxon konsertlar.
Forumda 7 nafargacha bo‘lgan maqom ansambllari, yakkaxon ijrochilar, musiqashunos olimlar, festival tashkilotchilari, musiqa menejerlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishlari mumkin. Shuningdek, taniqli san’atkorlar, bastakorlar va mutaxassislar Tashkiliy qo‘mita taklifiga binoan qatnashadilar.
Tanlov natijalarini baholash uchun 7 nafar xalqaro ekspertlardan iborat hakamlar hay’ati shakllantiriladi.
Ishtirokchilarning chiqishlari quyidagi mezonlar asosida baholanadi:
🔹 maqom san’atining milliy va o‘ziga xos jihatlari;
🔹 badiiy-estetik daraja;
🔹 ijrochilik mahorati.
Tanlov g‘oliblari diplom, haykalcha va quyidagi pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:
🔸 Gran-pri — 15 000 AQSh dollari;
🔸 1-o‘rin (2 nafar) — har biri 10 000 AQSh dollari;
🔸 2-o‘rin (2 nafar) — har biri 7 000 AQSh dollari;
🔸 3-o‘rin (2 nafar) — har biri 5 000 AQSh dollari.
Bundan tashqari, “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom cholg‘uchisi”, “Eng yaxshi maqom ustasi”, “Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqom ijrochisi” hamda “Eng yaxshi maqom bastakori” nominatsiyalari bo‘yicha maxsus mukofotlar topshiriladi.
III Xalqaro maqom san’ati forumi milliy musiqa merosimizni dunyo miqyosida keng targ‘ib etish, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish va san’at sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Ishtirok etish istagida bo‘lgan xorijiy nomzodlar 2026-yilning 20-may sanasiga qadar maxsus onlayn ariza orqali ro‘yxatdan o‘tib, ijro materiallarini taqdim etishlari lozim: https://docs.google.com/forms/d/e/1FAIpQLSd6YTtkLfSYu9lw2hEFlIXONtrK0IZ9v7-fpIBnpY3jlWDZfg/viewform
Tashkiliy qo‘mita tomonidan tanlab olingan ishtirokchilar ro‘yxati 2026-yil 1-iyun kuni e’lon qilinadi.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun: E-mail: maqomartinternationalforum@gmail.com
