Xiva shahridagi qo‘g‘irchoq teatri faoliyati bilan tanishildi
2026-05-01 17:30:00 / Yangiliklar

Xivada bo'lib o'tgan “Lazgi” III xalqaro raqs festivali doirasida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov Xiva shahridagi qo‘g‘irchoq teatri faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida teatrning moddiy-texnik bazasi, sahna jihozlari, mavjud repertuar hamda ijodiy jamoa faoliyati atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, bolalar va yoshlar uchun mo‘ljallangan spektakllar sifati, ularning tarbiyaviy ahamiyati va tomoshabinlar qamrovini kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Avazxon Tadjixanov teatr jamoasi bilan muloqot qilib, mavjud muammolar, taklif va tashabbuslarni tingladi. Xususan, yangi sahna asarlarini yaratish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ijodiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha fikr almashildi.
Shuningdek, teatr faoliyatiga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etish, yosh iste’dodlarni jalb qilish va ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Tashrif yakunida qo‘g‘irchoq teatri faoliyatini yanada rivojlantirish, uning moddiy bazasini mustahkamlash va repertuarni boyitish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.






