Samarqandda “III Xalqaro paxlava festivali” bo'lib o'tadi
2026-04-18 05:50:00 / Yangiliklar

Turkiyaning yetakchi qandolat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari — “Mehmet Yıldırım Baklava”, “Karaköy Güllüoğlu Baklava”, “Burça Baklava” kompaniyalari rahbarlari hamda “Baklava va shirinliklar ishlab chiqaruvchilar assotsiatsiyasi” (BAKTAD) mutasaddilaridan iborat delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri maslahatchisi Jamshidbek Niyazbekov ishtirok etib, gastronomik madaniyatni rivojlantirish, milliy qandolatchilik an’analarini asrab-avaylash va keng targ‘ib etish, shuningdek madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida tomonlar joriy yilning sentyabr oyida Samarqandda bo'lib o'tadigan “III Xalqaro paxlava festivali”ning madaniy tadbirlar yuzasidan hamkorlik bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Mazkur festival doirasida turli mamlakatlar qandolatchilari ishtirokida mahorat darslari, ko‘rgazmalar hamda taqdimotlar tashkil etilishi, milliy va jahon qandolatchilik an’analarini uyg‘unlashtirgan holda gastronomik madaniyatni keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi kutilmoqda. Shuningdek, ushbu nufuzli tadbir orqali madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash va sohada xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsad qilingan.
Ma'lumot o'rnida, ushbu festival ilk marotaba Turkiyada tashkil etilgan bo'lib, ikkinchi festival Ozarbayjonda o'tkazilgan. Navbatdagi, uchinchi festival esa O'zbekistonda bo'lib o'tishi kutilmoqda.
Festival doirasida an'anaga ko'ra, 15 mingta paxlava bepul tarqatilishi nazarda tutilgan.



