Sohibqiron Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘yildi
2026-04-09 14:50:00 / Yangiliklar

Ayni kunlarda Vatanimizda buyuk tarixiy shaxs — Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan keng ko‘lamli bayram tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ushbu sana nafaqat tarixiy xotirani yod etish, balki yosh avlodni milliy g‘urur, vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan mamlakatimizning barcha hududlarida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar, ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari, ko‘rgazmalar hamda madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda. Ayniqsa, Sohibqironning boy merosi, davlat boshqaruvi, harbiy san’ati, ilm-fan va madaniyat rivojiga qo‘shgan hissasi keng targ‘ib qilinmoqda.
Bugun, 9-aprel kuni Toshkent shahridagi Amir Temur xiyobonida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda madaniyat va san’at sohasi vakillari, davlat tashkilotlari mutasaddilari, ziyolilar hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Tadbir davomida ulug‘ sarkarda, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va bunyodkorlik homiysi sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirgan Amir Temur haykali poyiga gulchambar qo‘yildi.
Marosimda vazirning birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov, vazirlikning mas’ul vakillari, tizimdagi oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda soha xodimlari ishtirok etdi.
Gul qo‘yish marosimidan so‘ng tadbir ishtirokchilari Temuriylar tarixi davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. Muzeyda Sohibqiron va Temuriylar davriga oid nodir eksponatlar, tarixiy hujjatlar, qo‘lyozmalar hamda san’at asarlari bilan yaqindan tanishildi. Mutaxassislar tomonidan Amir Temurning hayoti va faoliyati, uning yirik harbiy yurishlari, davlat boshqaruvi tizimi hamda bunyodkorlik ishlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar xalqimizning boy tarixiy merosiga bo‘lgan e’tibor va ehtiromning yana bir yorqin ifodasidir.









