Qoraqalpog‘istonda "Aqchako‘l ilhomlari" ijodiy tanlovning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-04-08 11:00:00 / Yangiliklar

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yoshlar ishlari agentligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda Ellikqal’a tumanida "Aqchako‘l ilhomlari" respublika tanloviga start berildi.
Kecha, 7-aprel kuni Aqchako‘l bo‘yidagi 800 o‘rinli amfiteatrda tanlovning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 nafar shoir, 14 nafar yozuvchi, 16 nafar rassom ishtirok etmoqda.
Tanlov mamlakatimizda adabiyotimizni rivojlantirishga qaratilgan e’tibor, yosh shoir va nosirlarga berilayotgan imkoniyatlar, shuningdek, yosh rassomlarning ijodini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyiha sifatida ahamiyatli. Ishtirokchilar yurtimizning betakror tabiati, fusunkor tog‘lari, qadim tarixi, Aqchako‘l bo‘yi manzaralarini she’riy, nasriy hamda rang-tasvirda badiiy aks ettirdi. She’riy, nasriy hamda rassomlik qobiliyatlari orqali milliy o‘zligimizni badiiy talqin etdi.
Ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi Amanbay O‘rinbayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Kengesboy Karimov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nur so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni tanlov ochilishi munosabati bilan tabrikladi, ishtirokchilarga omad tiladi.
Bugun boshlangan tanlov yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini yuzaga chiqarishda muhim sanaladi. Shuningdek, yoshlar o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish uchun qulay ijodiy maydon yaratishda, yangi iste’dodlarni keng jamoatchilikka tanishtirishda alohida o‘rin tutadi.
Tadbir san’at va madaniyat xodimlari ijrosidagi konsert dasturi bilan davom etdi.
"Aqchako‘l ilhomlari" Respublika tanlovi qatnashchilari tushdan so‘ng guruhlarga bo‘lingan holda mahorat darslari o‘tkazishdi, ijodiy ishlar yozishdi, rasmlar chizishdi.
Mehmonlar esa Ellikqal’a tumanidagi san’at maktabida tashkil etilgan Abdulla Oripov bog‘iga ko‘chatlar ekdi, o‘sha yerda Otajon Xudoyshukurov nomidagi muzey bilan tanishdi.
Tuman Madaniyat saroyida Abdulla Oripov byustining ochilish marosimida qatnashdi, muzey bilan tanishdi.
So‘ng Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti Ellikqal’a fakultetida bo‘lib, Muhammad Yusuf byusti, shoirning mo‘jaz muzeyi bilan tanishdi.
Tadbirlar "Ustozga ehtirom" haykaliga gul qo‘yish marosimi, tumandagi 75-maktab, Qirqqiz mahallasidagi oilaviy poliklinikaning ochilish marosimiga ulanib ketdi.






