Farg‘onada yoshlar bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi
2026-04-02 22:25:00 / Yangiliklar

Farg‘onaning Bag‘dod tumanida yoshlar bilan mazmunli va ilhom baxsh etuvchi ijodiy uchrashuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlarda Farg‘ona viloyati madaniyat boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Tojiboyev hamda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Yahyobek Mo‘minov yoshlar bilan ochiq muloqot qilishdi.
Dastlab, 88-sonli alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida san’atga qiziquvchi yoshlar bilan samimiy ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida bolajonlarga san’atning sehrli olami haqida so‘z yuritilib, ularning ijodiy qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv iliq va ko‘tarinki ruhda o‘tib, ishtirokchilarga quvonch va ilhom ulashdi. Bolalar o‘z iste’dodlarini namoyon etish imkoniga ega bo‘lib, san’at orqali o‘zlariga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashdi.
Shundan so‘ng, 29-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida yoshlar bilan ochiq muloqot davom etdi.
Uchrashuv davomida san’at sir-asrorlari, ijodiy yo‘l, sahna madaniyati va san’atkor mas’uliyati haqida atroflicha fikrlar bildirildi. O‘quvchilar tomonidan ijro etilgan musiqiy chiqishlar tadbirga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olib, ustoz san’atkorning boy tajribasidan ilhomlandilar.
Mazkur uchrashuvlar yosh avlod qalbida san’atga muhabbat uyg‘otish, ularning iste’dodini rivojlantirish hamda kelajakda yetuk ijodkorlar bo‘lib yetishishlariga xizmat qiladi.
Tadbirlar yakunida esdalik suratlari olinib, barcha ishtirokchilarda unutilmas taassurot qoldirdi.




