Qirg‘iz Respublikasi O‘sh davlat akademik musiqali teatrida “Nodira” spektakli sahnalashtirildi
2026-04-02 14:40:00 / Yangiliklar

Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri va Qirg‘iz Respublikasi O‘sh davlat akademik musiqali teatri o‘rtasidagi ijodiy hamkorlik memorandumiga asosan, taniqli o‘zbek yozuvchisi Shahodat Isaxonovaning "Nodira" asari asosida, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri bosh rejissyori Doston Haqberdiyev tomonidan sahnalashtirilgan "Nodira" spektakli muvaffaqiyatli premyera qilindi.
Spektakl premyerasida O‘zbekiston Madaniyat vazirligi Teatr, sirk san’ati va kinematografiya sohasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i Farhod Elmurodov, Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti direktori Botir Ergashev, Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Azim Mullaxonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov, Andijon viloyati musiqali drama teatri direktori Bexzod Hamidov, Andijon viloyati yoshlar teatri direktori Xalilillo Jo‘raboyevlar ishtirok etdi.
Tadbir so‘nggida Farhod Elmurodov O‘sh teatri aktrisasi Samidaxon Xalmatovaga vazirlikning "Madaniyat va san’at fidokori" ko‘krak nishonini topshirdi.


