Poytaxtda Tojikiston rang-tasvir ustalarining ko‘rgazmasi ochildi
2026-03-24 17:45:00 / Yangiliklar

Avval xabar berilganidek , ayni kunlarda O‘zbekistonda “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda.
Bugun, 24-mart kuni poytaxtdagi O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari doirasidaTojikistonning rang-tasvir ustalari asarlari ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda, O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri – Ozodbek Nazarbekov, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri – Matlubaxon Sattoriyon, O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi direktori Kamola Akilova, Tojikiston Rassomlar uyushmasi raisi Nargis Hamidovalar ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri – Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqib, poytaxtda ochilayotgan Tojikiston rang-tasvir ustalari asarlari ko‘rgazmasining ochilishi haqida so‘zladi.
“O‘zbekiston va Tojikiston xalqlarini asrlar davomida shakllangan mushtarak tarix, yaqin madaniy qadriyatlar, bir-biriga uyg‘un an’analar va chuqur ma’naviy aloqalar bog‘lab turadi. Bugungi tadbir ana shu mushtaraklikning yorqin ifodasi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchni yanada mustahkamlovchi muhim madaniy maydondir. Ushbu ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlar orqali Tojikiston mo‘yqalam ustalarining milliy ruhi, hayot tarzi, tabiat manzaralari va inson qadriyatlari o‘zining yuksak badiiy ifodasini topganini ko‘rishimiz mumkin.
Qadrli ishtirokchilar! Bugun biz yangi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bizning strategik maqsadimiz – Markaziy Osiyo tasviriy san’at maktabini jahon madaniy makonida munosib o‘rin egallaydigan kuchli ijodiy hodisa sifatida shakllantirishdir” – dedi vazir Ozodbek Nazarbekov.
Shu bilan birga, Tojikiston Respublikasi madaniyat vaziri – Matlubaxon Sattoriyon ham so‘zga chiqib, ikki qardosh xalqning mushtarak madaniyati va san’ati haqida iliq fikrlar bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistonning madaniy aloqalarini yanada mustahkamlashda tasviriy san’at sohasining o‘rni muhim ekanligini ta’kidladi.
So‘ng, ikki davlat madaniyat vazirlari Tojikiston rang-tasvir ustalari asarlari ko‘rgazmasini tantanali ochib berishdi.
Ushbu ko‘rgazmada, Tojikiston mo‘yqalam ustalarining 30 dan ortiq asarlari namoyish etildi. Namoyish etilayotgan asarlar orqali Tojikiston mo‘yqalam ustalarining milliy ruhi, hayot tarzi, tabiat manzaralari va inson qadriyatlari o‘zining yuksak badiiy ifodasini namoyon etdi.
Jumladan:
Rabizoda Olimning “Daraxti hayot” turkumida hayotning davomiyligi va ma’naviy ildizlar ramzi aks etgan asari;
Abduazizov Davlatning “Bozor” asari orqali sharqona hayot tarzi va xalq ruhi jonli tasvirlangan asari;
Boymurodov Behzodning “Haftko‘l” va “Qarotog‘ manzarasi” asarlarida tabiatning beqiyos go‘zalligi namoyon bo‘lgan asari;
Ne’matzoda Farruxning “Navoi tabiat” va “Bahor” asarlari orqali inson va tabiat uyg‘unligi ifoda etilgan asari shular jumlasidandir.
Bu asarlar nafaqat estetik zavq bag‘ishlaydi, balki tomoshabinni o‘ylashga, his qilishga va ma’naviy mulohazaga chorlaydi. Chunki haqiqiy san’at bu qalblar o‘rtasidagi eng ta’sirchan tildir.
O‘zbekiston tasviriy san’at galereyasi O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” tadbirlari doirasida Tojikistonning rang-tasvir ustalari asarlari ko‘rgazmasi 25-mart kuni ham davom etadi.
Joriy yilning 23–mart kuni Toshkentda start olgan “Tojikiston madaniyati va kinosi kunlari” davom etmoqda. Madaniyat kunlari 28–mart kuni Samarqandda yakunlanadi.









