Turkiyada “Navro‘z – yangi kun” deb nomlangan bayram dasturi tashkil etildi
2026-03-24 15:10:00 / Yangiliklar

Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY va Turkiya Adolat va taraqqiyot partiyasining Turkiy davlatlar bilan aloqalar boshqarmasi tomonidan Gaziantep shahrida “Navro‘z – yangi kun” deb nomlangan bayram dasturi tashkil etildi.
Turkiya Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbirda Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Qubanichbek Omuraliyev, TURKSOY bosh kotibi Sulton Rayev, davlat va jamoat tashkilotlari, parlament va diplomatik korpus vakillari qatnashdi.
Dastlab Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning video-tabrigi namoyish qilindi. Shundan so‘ng rasmiy doira vakillari so‘zga chiqib, barchani Navro‘z bilan qutlab, ezgu niyatlarini bildirishdi.
Tadbirning badiiy qismida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistondan kelgan san’atkorlar jamoalari o‘z chiqishlarini namoyish qildi. Jumladan, O‘zbekiston davlat filarmoniyasi “Lazgi” ashula va raqs ansamblining kuy-qo‘shiqlari, raqslari olqishlar bilan kutib olindi.
Hatto tomoshabinlarning ko‘pchiligi ularga qo‘shilib raqs tushdi.
Shuningdek, “Instagram”da shov-shuv bo’lgan R.Glier nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o’quvchilari ham turkiyalik muxlislarni o’z chiqishlari bilan mamnun etishdi.
Bayram dasturi doirasida turkiy dunyo hunarmandchiligi va gastronomiyasiga oid ko‘rgazmalar ham tashkil etildi.









