Musiqaga aylangan hayot: buyuk kompozitorning 75 yilligi
2026-02-26 18:50:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, kompozitor, dirijyor, xormeyster, professor Qurbanbay Zaretdinov — Qoraqalpoq musiqa san’ati ravnaqiga ulkan hissa qo‘shgan, butun umrini milliy ohanglar taraqqiyotiga bag‘ishlagan fidoyi ijodkordir. Uning hayoti ham, ijodi ham musiqaga aylangan — yurakdan tug‘ilgan har bir kuy xalq qalbiga yetib borgan.
U 200 dan ortiq musiqiy asarlar muallifi sifatida milliy madaniyatimiz xazinasini bebaho durdonalar bilan boyitdi. Kompozitor yaratgan “Tumaris”, “Xalıq ushın”, “Edige”, “Aralım meniń” operalari, “Qırq qız”, “Ómirzaya juldız”, “Nazlımxan sulıw” baletlari nafaqat sahna asari sifatida, balki xalq ruhiyatining musiqiy ifodasiga aylangan. Shuningdek, “Dayı qız”, “Seniń kozlerıń”, “Watan degen…”, “Búlbil”, “Aq quw” kabi qo‘shiqlari el orasida sevib kuylanadi va madaniy anjumanlarda yangrab kelmoqda.
Ijodkorning har bir asarida milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashadi. Uning kuylarida qadim tariximiz nafasi, ona zamin sog‘inchi, Orol shamolining mungli saslari va inson qalbining nozik kechinmalari mujassam. Shu bois bu asarlar tinglovchini befarq qoldirmaydi — o‘yga toldiradi, qalbni junbushga keltiradi, milliy san’atimizning betakror jozibasini namoyon etadi.
Kompozitorning 75 yillik yubileyi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri sahnasida ko‘tarinki ruhda, tantanali tarzda nishonlandi. Ushbu qutlug‘ sana san’at ixlosmandlari, shogirdlar, ustozlar va keng jamoatchilikni birlashtirgan unutilmas madaniy bayramga aylandi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining qo‘mita raisi M. Atamuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri B.Temirbaev, teatr direktori P.Mamutov hamda soha vakillari so‘zga chiqib, ustozning san’atimiz taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni va xizmatlarini alohida ta’kidladilar.
Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan kompozitorga “Madaniyat hamda san’at fidoyisi” ko‘krak nishonining topshirilishi yubileyga yanada ulug‘vorlik bag‘ishladi. Bu e’tirof — yillar davomida milliy musiqa rivoji yo‘lida sidqidildan qilingan mehnatning, sahna va ijodga bo‘lgan cheksiz muhabbatning munosib bahosi bo‘ldi.
Kechada kompozitor ijodidan namunalar — operalar va baletlardan parchalar, el sevgan qo‘shiqlar jonli ijroda yangradi. Har bir kuy zalda o‘tirgan muxlislarning qalb torlarini chertdi. Bu nafaqat yubiley kechasi, balki musiqaga bag‘ishlangan sharafli umrning tantanasi, milliy san’atimizga sadoqat ramzi bo‘ldi.
Darhaqiqat, bunday ijodkorlarning hayoti — bu shunchaki yillar silsilasi emas, balki xalq qalbida abadiy yangraydigan musiqadir.






