O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi madaniyat sohasidagi hamkorlik xronologiyasi
2026-02-06 11:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarda madaniyat sohasidagi hamkorlik muhim o‘rin egallaydi. Ikki davlatni umumiy tarixiy ildizlar, boy madaniy meros hamda ma’naviy qadriyatlarning mushtarakligi birlashtirib turadi. So‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishdagi aloqalar mustahkam huquqiy asosga tayangan holda izchil rivojlanib bormoqda.
O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi madaniyat sohasidagi hamkorlikning huquqiy asosi 1992-yil 27-iyun kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Pokiston Islom Respublikasi Hukumati o‘rtasida madaniyat, sog‘liqni saqlash, fan va texnika, kadrlar tayyorlash, turizm, sport va ommaviy axborot sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risidagi Bitim” bilan belgilanadi. Mazkur Bitim ikki davlat o‘rtasida madaniy almashinuvlarni amalga oshirish, san’at va ijod sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun muhim huquqiy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu hujjatning mantiqiy davomi sifatida 2021-yil 15–16-iyul kunlari Pokiston Bosh vazirining O‘zbekistonga tashrifi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi bilan Pokiston Islom Respublikasi Milliy meros va madaniyat muassasasi o‘rtasida 2021–2026-yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida almashuv Dasturi” imzolandi.
Mazkur huquqiy asoslar doirasida madaniyat sohasidagi hamkorlik amaliy jihatdan yangi bosqichga ko‘tarildi. Xususan, 2021-yil 14–16-sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumida hamda 17–21-sentyabr kunlari Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida Pokiston ijodiy guruhining ishtiroki ikki tomonlama madaniy aloqalarning faollashganini yaqqol namoyon etdi.
2022-yil 3–4-mart kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga rasmiy tashrifi doirasida Islomobod shahrida joylashgan “Lok Virsa” muzeyida O‘zbekiston burchagining ochilishi ikki xalq madaniyatini o‘zaro tanitish yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ldi.
Keyingi yillarda ham madaniy almashinuvlar izchil davom etdi. 2022-yil 25–30-aprel kunlari Xiva shahrida bo‘lib o‘tgan “Lazgi” Xalqaro raqs festivali hamda 2023-yil 5–8-may kunlari Guliston shahrida o‘tkazilgan III Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida Pokiston Bosh vaziri maslahatchisi A.Muqam boshchiligidagi Pokiston delegatsiyasi ishtirok etdi. 2024-yil davomida Xiva shahrida tashkil etilgan “Lazgi”, Zomin tumanida o‘tkazilgan “Maqom san’ati” va Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivallarida Pokiston vakillarining qatnashuvi hamkorlikning kengayib borayotganidan dalolat berdi.
2025-yil aprel oyida Xivada o‘tkazilgan Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida Pokiston vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, 2025-yil 26–28-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Samarqand shahri – 2025-yil Islom dunyosi madaniy poytaxti” tadbirlarida Pokiston madaniyat va milliy meros vaziri Avrangzeb Xonning ishtiroki madaniy hamkorlikning yuqori darajaga ko‘tarilganini ko‘rsatdi.
Kelgusida ushbu hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida, kuni kecha imzolangan “O‘zbekiston – Pokiston o‘rtasida Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida”gi bitim O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Pokiston Islom Respublikasi Hukumatining Milliy meros va madaniyat bo‘limi o‘rtasidagi madaniyat sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi va Pokiston Islom Respublikasi o‘rtasidagi madaniyat sohasidagi hamkorlik mustahkam huquqiy asosga ega bo‘lib, amaliy tadbirlar orqali izchil rivojlanib bormoqda. Mazkur hamkorlik ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlashga, boy madaniy merosni asrab-avaylash va kelajak avlodlarga yetkazishga xizmat qilmoqda.
