Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov TURKSOY Bosh kotibiyatida bo‘ldi
2026-01-30 09:50:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOYning 43-davriy koordinatori Ozodbek Nazarbekov Turkiya Respublikasiga xizmat safari doirasida Anqara shahrida joylashgan TURKSOY Bosh kotibiyatiga tashrif buyurdi. Madaniyat vazirini TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev kutib oldi.
Ozodbek Nazarbekov dastlab tashkilotga a’zo davlatlarning Bosh kotibiyatda faoliyat yuritayotgan vakillari va xodimlar bilan tanishib, samimiy suhbatlashdi. Bino foyesida tashkil etilgan O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi, an’ana va qadriyatlariga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmani ko‘zda kechirdi.
Shundan so‘ng ikki tomonlama muloqot o‘tkazildi. Vazir azaldan tarixi, tili va dini, urf-odat va an’analari, bugungi orzu-intilishlari mushtarak bo‘lgan qardosh xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkamlashda TURKSOYning alohida o‘rni borligini e’tirof etdi.
Turkiy millatlarning ma’naviy birligini ta’minlash, qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, tarixiy merosni o‘rganish va targ‘ib etish, buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish borasida keng ko‘lamli madaniy-gumanitar dasturlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdi.
O‘z navbatida, Sulton Rayev mehmonni tashrifi bilan samimiy qutlar ekan, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniyat va san’at sohasini rivojlantirishga juda katta e’tibor qaratilayotganini, TURKSOY faoliyati doirasidagi hamkorlik aloqalari ham yangi bosqichga ko‘tarilganini qayd etdi.
O‘zbekistonda madaniyat va san’atga bag‘ishlangan nufuzli xalqaro tadbirlar, forumlar, festivallar yuksak saviyada o‘tkazilayotgani, tashkilot doirasidagi o‘ziga xos san’at bayramlari, ko‘rgazmalar, ilmiy-ma’rifiy anjumanlar, turkiy tillar va adabiyotlari rivojiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalarda mamlakatimiz vakillari faol qatnashayotganini yuqori baholadi. TURKSOY Bosh kotibiyatida O‘zbekiston vakili faoliyat ko‘rsata boshlagani o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekaniga urg‘u berdi.
Muloqotda O‘zbekiston Prezidenti TURKSOY faoliyatini rivojlantirish borasida muhim takliflarni ilgari surib kelayotgani xususida so‘z bordi. Jumladan, 2025-yil 21-may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida O‘zbekiston Prezidenti TURKSOYning nufuzini yanada oshirish uchun uning faoliyati va tuzilmasini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirish zarurligini bildirdi. Shu asosda o‘tgan yili 7-oktyabrda Ozarbayjon Respublikasining Gabala shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 12-yig‘ilishida “TURKSOYni rivojlantirish va mustahkamlash to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi. Hozirgi vaqtda TURKSOY Bosh kotibiyati ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida a’zo davlatlar bilan birgalikda faol ish olib bormoqda.
Ma’lumki, TURKSOY Doimiy kengashi qarori bilan har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinadi va o‘sha mamlakatning madaniyat vaziri yil davomida TURKSOYning davriy koordinatori hisoblanadi. Ya’ni, bevosita tashkilot faoliyatiga raislik qiladi va barcha jarayonlarni muvofiqlashtirib boradi.
2026-yilda Andijon shahri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov esa joriy yilda TURKSOYning 43-davriy koordinatori hisoblanadi.
Samimiy ruhda kechgan uchrashuvda bo‘lajak tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish va kelgusida hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar bildirildi.
