Poytaxtda "O‘zbekiston–2030" strategiyasi loyihasining BMT va xalqaro ekspertlar ishtirokidagi jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi
2026-01-23 12:00:00 / Yangiliklar
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda takomillashayotgan “O‘zbekiston–2030” strategiyasi loyihasining xalqaro hamjamiyat bilan jamoatchilik muhokamasi tashkil etildi.
Strategiya loyihasini takomillashtirish bo‘yicha o‘tkazilgan mazkur jamoatchilik muhokamasida 150 nafardan ortiq ekspertlar, xususan, Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mamlakatimizda o‘z faoliyatini yuritayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralar hamda OAV vakillari “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etishdi. Shuningdek, ekspertlar qatorida madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov ham ishtirok etib, o‘z mulohazalarini ma’lum qildi.
Shuningdek, tadbirda BMT tizimidagi agentliklarning O‘zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari va ekspertlari (UN, UNDP, UNICEF, UNESCO, FAO, UNFPA, UNODC, IOM, ILO, WHO, UNHCR, IFAD), Xalqaro qizil xoch qo‘mitasi, Jahon banki, SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari hamda dunyoning turli chekkalaridan 70 dan ortiq xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbirni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl kirish so‘zi bilan ochib berdi.
– Bugungi xalqaro tadbirning asosiy maqsadi — takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi loyihasini xalqaro hamjamiyat bilan ochiq muhokama qilish, uni zamonaviy global tendensiyalar va ilg‘or xalqaro tajriba nuqtayi nazaridan baholashdan iborat. Ta’kidlash joizki, dunyo tez o‘zgaryapti, global iqtisodiy raqobat, raqamlashtirish, “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, iqlim o‘zgarishi va demografik jarayonlar har bir davlatdan o‘z rivojlanish strategiyalarini muntazam yangilab borishni talab qilmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ham aynan shunday — moslashuvchan va hayotiy hujjat sifatida ishlab chiqilgan, – dedi o‘z so‘zida Eldor Tulyakov.
– Bugungi muloqot muhim pallada o‘tkazilmoqda. 2025-yil oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan “Barqaror rivojlanish bo‘yicha hamkorlik doirasi”ni imzoladi. Ushbu hamkorlik dasturi kelgusi besh yil, 2026–2030-yillar davomida mamlakatda barqaror rivojlanish natijalarini ilgari surish bo‘yicha umumiy qarashimizni aks ettiradi, – dedi o‘z so‘zida BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Sabine Mahl.
Tadbir xalqaro hamjamiyat vakillarini takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi muhokamalari doirasida belgilanayotgan asosiy ustuvor yo‘nalishlar, yangilanishlar va konseptual yondashuvlar bilan atroflicha tanishtirishga qaratildi.
Shuningdek, mazkur strategiyani ishlab chiqish va takomillashtirish jarayonida xalqaro ilg‘or tajribalarni o‘rganish, ularni milliy sharoitga moslashtirish, hujjatning xalqchilligi va amaliy samaradorligini oshirish maqsadida xalqaro ekspertlar hamda tashkilotlarning fikr-mulohazalari va takliflarini inobatga olish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Tadbir doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hamda kelgusida qo‘shma tashabbus va loyihalarni amalga oshirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Tadbir davomida Strategiya loyihasida belgilanayotgan vazifalarni yanada takomillashtirish yuzasidan xalqaro ekspertlar o‘z munosabatlari va takliflarini bildirdilar.
Tadbir so‘nggida, takomillashayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining jamoatchilik, shu jumladan, xalqaro hamjamiyat vakillari bilan muhokama qilish orqali uni takomillashtirish, xalqchilligini ta’minlash va hujjatning xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishini ta’minlashga qaratilgani alohida ta’kidlandi.
