O‘zbekiston Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasiga a’zo bo‘lishi kutilmoqda
2026-01-22 19:00:00 / Yangiliklar

Bugun, 22-yanvar kuni vazirlikda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti Aktoti Raimkulova o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekistonning jamg‘arma bilan hamkorlik holati va istiqbollari, 2025-yilda amalga oshirilgan tadbirlar hamda 2026-yilda birgalikda qilinishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.
Xususan, jamg‘arma bilan hamkorlikda tayyorlangan “Turkiy xalqlar folklorlari Antologiyasi” muhim qo‘llanma ekanligi ta’kidlandi.
Shuningdek, 2026-yilda vazirlik tomonidan jamg‘armaga O‘zbekistonning to‘laqonli a’zo bo‘lishi kutilayotganligi ta’kidlanib, ichki davlat kelishuvlari amalga oshirilayotganligi ma’lum qilindi.
Shu bilan birga, jamg‘arma bilan hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan taklif va tashabbuslar rejasini qabul qilishga kelishib olindi.
Ma’lumot o‘rnida, Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi - Ozarbayjon tashabbusi bilan 2012-yilda turkiy xalqlarning madaniyati va tarixiy merosini tiklash, rivojlantirish va targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalarni ilgari surish maqsadida tashkil etilgan bo‘lib, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkiya Respublikalari bugungi kunda Jamg‘armaga a’zo-davlatlar hisoblanadi.



