O‘zbekiston ShHT Xalq diplomatiyasi markazining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2026-01-21 14:00:00 / Yangiliklar

Kuni kecha vazirlikda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Avazxon Tadjixanov raisligida O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi Muvofiqlashtiruvchi kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Kengash majlisining kun tartibida Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari yangi tarkibini tasdiqlash, Markazning 2025-yildagi faoliyati natijalari, erishilgan yutuqlar hamda 2026-yildagi ish rejasini tasdiqlash va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
2025-yilda Markaz faoliyati Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlikning yanada samarali xalq diplomatiyasi modellarini shakllantirishga, yangi dunyo tartiboti sharoitida nodavlat tashkilotlar va fuqarolik jamiyati institutlarining diplomatik rolini oshirishga qaratilgan amaliy ishlari tahlil etildi.
Yig‘ilish davomida ShHT makonida o‘zaro ishonch, millatlararo va dinlararo totuvlik, madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan 52 nafar faol shaxs “Xalq diplomati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangani qayd etildi.
Yig‘ilish yakunida qatnashchilar tomonidan Markaz tomonidan taqdim etilgan 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasi yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari Markaz faoliyatini yanada takomillashtirish, uning institutsional hamkorlik doirasini kengaytirish va amalga oshirilayotgan loyihalarning samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surdilar.
Xususan, Kengash raisi Avazxon Tadjixanov muassis va hamkor tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, ularni Markaz faoliyatiga keng jalb etish zarurligini ta’kidlab o‘tdi. Uning fikricha, davlat va nodavlat tuzilmalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish ShHT doirasida xalq diplomatiyasi mexanizmlarini samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Badiiy akademiya direktori Akmal Nuriddinov Markaz bilan hamkorlikda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rassomlari ishtirokida xalqaro ko‘rgazma tashkil etish taklifini ilgari surdi. Ushbu tashabbus ShHT mamlakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv va do‘stlikni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar Markazning kelgusi faoliyatini rejalashtirishda inobatga olinishi va amaliy loyihalarga tatbiq etilishi belgilandi. Bildirilgan barcha taklif va mulohazalarni inobatga olgan holda 2026-yildagi ish rejasi qabul qilindi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari Markazning 2025-yildagi faoliyatini ijobiy baholab, kelgusi yilda ShHT doirasida xalq diplomatiyasini yanada tizimli rivojlantirish, yangi tashabbus va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqishga kelishib oldilar.






