Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 21-majlisi bo‘lib o‘tdi
2024-05-15 19:35:00 / Yangiliklar
15-may kuni O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov videokonferensaloqa shaklida tashkil etilgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining 21-majlisida ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikda olib borilayotgan ishlar haqida ma’lum qilinib, kelajakda hamkorlikdagi vazifalar belgilandi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida O‘zbekiston madaniyat vaziri o‘rinbosari Murodjon Majidov so‘z olib quyidagilarni ma’lum qildi:
“Avvalo, Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlari yigʻilishi ishtirokchilarini samimiy qutlashga hamda barcha delegatsiyalar rahbarlari va aʼzolariga, ularning nomidan ushbu mamlakat xalqlariga samimiy hurmat tuygʻusini izhor etishga ijozat bergaysiz.
Katta mamnuniyat bilan shuni aytolamanki, bugungi tadbir - biz ishtirokchi bo‘lib turgan ko‘p tomonlama hamkorlikning yorqin namunasidir. Bu hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlaydi.
Birgalikda o‘tgan qo‘shma faoliyat davrida davlatlarimizning qabul qilingan ko‘p tomonlama va ikki tomonlama shartnomalarni amalga oshirish borasidagi samarali mehnatini alohida ta’kidlash lozim. Xususan, ShHTga aʼzo davlatlarning har biri haqida toʻxtalib, ham ikki tomonlama, ham koʻp tomonlama xarakterdagi hamkorlikdan misollar keltirmoqchiman.
O‘zbekiston va Hindiston vakillari ikki mamlakatda o‘tkazilayotgan madaniy-gumanitar tadbirlarda faol ishtirok etmoqda.
2023-yilning 3-19-fevral kunlari Hindiston Respublikasining Haryana shtatida o‘tkazilgan “Suranjkund Mela” 36-xalqaro an’anaviy hunarmandchilik festivalida O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomlari, turli viloyatlardan kelgan hunarmandlar, milliy buyumlar yasash ustalari o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Shuningdek, 2024-yil 25-30-aprel kunlari Xiva shahrida o‘tkazilgan “Lazgi” xalqaro raqs san’ati festivalida Hindiston vakili ishtirok etdi.
Keyingi ikki yilda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasida madaniyat va san’at sohasidagi aloqalar sezilarli darajada kengaydi.
Xususan, 2023-yilning 18-24-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasining Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida Qozog‘iston madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. Madaniyat kunlari doirasida Toshkent, Samarqand, Buxoro shaharlarida “Qozoqkonsert” davlat muassasasining konsert dasturlari, Toshkent shahrida Abay nomidagi Olmaota teatri spektakli namoyish etildi. 2023-yilning 5-8-may kunlari Guliston shahrida o‘tkazilgan xalqaro baxshichilik festivalida Qozog‘iston vakillari ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egalladi. 2024-yil davomida qozog‘istonlik hamkorlar bilan yirik madaniy loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Qirg‘iziston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar aloqalar faol rivojlanmoqda. Keyingi yillarda ikki davlat o‘rtasida madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik sezilarli darajada rivojlandi. 2023-yil 20-dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va Ch.Aytmatov tavalludining 90 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar va konsert dasturlari tashkil etildi.
Ta’kidlash joizki, Xitoy Xalq Respublikasi bilan aloqalar muvaffaqiyatli sur’atlarda rivojlanib bormoqda. 2023-yil 15-20-may kunlari O‘zbekiston Davlat akademik Katta teatri Pekin shahri bo‘ylab gastrol safarida bo‘ldi. “Pekin opera teatri”da teatr orkestri ishtirokida simfonik konsert dasturi namoyish etildi. 2023-yil oktabr oyida Toshkentda “Xitoy Xalq Respublikasi madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Madaniyat vazirligi, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi hamda Xitoy Madaniyat va turizm vazirligi hamkorligida tashkil etildi. “O‘zbekistondagi Xitoy Xalq Respublikasi madaniyati kunlari” doirasida xitoylik san’atkorlar “Yasemin” xitoy raqsi, “Quyosh va oy” cholg‘u musiqasi, “Otlar poygasi” xalq kuyi, “Osmon kitobi” milliy raqsi va boshqalarni tomoshabinlarga namoyish etdi.
2024-yilning 20-26-yanvar kunlari Xitoyning Pekin shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir doirasida O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’ati ko‘rgazmasi, o‘zbek san’at ustalarining konserti va boshqa madaniy tadbirlar o‘tkazildi.
So‘nggi yillarda Rossiya Federatsiyasi bilan madaniy-gumanitar sohadagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalar kengayib bormoqda. Xususan, 2023-yilda O‘zbekistonda ilk bor Rossiyaning “Rossiya fasllari” xalqaro loyihasi tashkil etildi. Rossiya vakillari 2023-yilning 22-28-may kunlari Toshkentda boʻlib oʻtgan “Yevrosiyo” xalqaro teatr sanʼati festivalida ishtirok etdi. Farg‘ona viloyati rus drama teatri 2024-yil 6-10-aprel kunlari Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan “Rossiyadagi uchrashuvlar” festivalida ishtirok etdi.
Tojikiston bilan madaniy sohadagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Keyingi yillarda munosabatlarimiz sezilarli darajada oshdi. Xususan, 2024-yil 18-19-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga davlat tashrifi doirasida Dushanbe shahrida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi. Tadbirlar doirasida “Do‘stlik oqshomi” konsert dasturi tashkil etildi. 2024-yil 25-30-aprel kunlari Xivada tashkil etilgan “Lazgi” xalqaro raqs festivalida Tojikiston vakillari ishtirok etdi. Dushanbe shahrida tashkil etilgan “Shashmakom” xalqaro musiqa festivalida O‘zbekiston vakillari faol ishtirok etdi.
Bugun biz madaniyat kunlari almashinuvi, ijodiy guruhlarning gastrollari, kino haftaliklari, badiiy ko‘rgazmalar, mahorat darslari, kinofestivallar, teatr va musiqa festivallarini o‘tkazmoqdamiz.
Biroq tadbirlarni nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama shaklda ham muntazam o‘tkazish muhim deb hisoblaymiz. Bu ShHTga aʼzo davlatlar har birining oʻziga xos milliy didini aks ettiruvchi teatr, musiqa, sahna va amaliy sanʼat sohasidagi madaniy tajriba almashish va yutuqlarni namoyish etish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Shu maqsadda har yili ShHTning madaniy almashinuv taqvimini tasdiqlashni taklif qilamiz.
Yillik taqvimning tasdiqlanishi, o‘z navbatida, tashkilotga a’zo davlatlarda o‘tkaziladigan madaniy tadbirlar haqida ma’lumot almashish va vakillarimiz ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
ShHTga aʼzo davlatlar madaniyat vazirlarining yillik yigʻilishlari va ShHT doirasida oʻtkaziladigan madaniy-gumanitar tadbirlarda ishtirok etishda kuzatuvchi davlatlar va ShHTning muloqot boʻyicha hamkorlarini yanada yaqinroq jalb qilish taklif etiladi;
Aloqalarni o‘rnatish va tajriba almashish maqsadida kuzatuvchi-davlatlar va ShHT muloqoti bo‘yicha hamkorlar vakillarini jalb etgan holda ShHT davlatlaridan ijodiy delegatsiyalar almashinuvini tashkil qilish.
Uchrashuvimiz va qabul qilgan qo‘shma hujjatimiz xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan bo‘lib, mamlakatlarimiz madaniyati va san’ati ravnaqiga xizmat qilishiga qat’iy ishonch bildirishga ijozat bergaysiz. E'tiboringiz uchun tashakkur!”
