Poytaxtda “Maqom” ansamblining “Yangi O‘zbekiston ohanglari” deb nomlangan konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
2025-12-27 14:05:00 / Yangiliklar

Kuni kecha Toshkent shahridagi “Turkiston” san’at saroyida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tomonidan Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansamblining iste’dodli yosh xonandalari ishtirokida “Yangi O‘zbekiston ohanglari” deb nomlangan konsert dasturi tashkil etildi. Mazkur loyiha an’anaviy tarzda uchinchi marotaba tashkil etilib, milliy maqom san’atining yosh avlod tomonidan davom ettirilayotganini yaqqol namoyon etdi.
Konsertda madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Ahmedov, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojat Yo‘lchiyeva, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi rahbari Farrux Yunusov, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti rektori Eldor Shermanov hamda maqom san’ati ixlosmandlari ishtirok etdi.
Konsert dasturida o‘zbek milliy musiqa san’atining nodir namunalarini o‘zida mujassam etgan maqom yo‘llari, an’anaviy kuy-qo‘shiqlar hamda mumtoz asarlar jonli ijroda yangradi.
Teatrlashtirilgan sahna asari, milliy ruh va zamonaviy badiiy yondashuvlar uyg‘unligi orqali maqom san’atining badiiy-estetik qiymati tomoshabinlarga, ayniqsa yosh avlodga ta’sirchan tarzda yetkazildi.
Tadbirning asosiy maqsadi — aholiga, xususan yoshlar auditoriyasiga yuqori saviyadagi madaniy xizmat ko‘rsatish, milliy maqom san’atiga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh ijrochilarning ijodiy salohiyatini qo‘llab-quvvatlash hamda milliy madaniy merosimizni asrab-avaylash va izchil rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
“Yangi O‘zbekiston ohanglari” konsert dasturi yosh ijodkorlar ijrosida milliy maqom san’atining bugungi taraqqiyoti va uzviy davomiyligini aks ettiruvchi muhim madaniy voqea bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi “O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3391-sonli qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, o‘zbek milliy maqom san’atini keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar orasida targ‘ib etish maqsadida, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tomonidan an’anaviy tarzda madaniy tadbirlar tashkil etib kelinmoqda.









