Qoraqalpog‘istonda "Amu bo‘yining oshig‘i" nomli monografiya taqdimoti va konsert dasturi bo‘lib o‘tdi
2025-12-09 15:05:00 / Yangiliklar

Bugun, 9-dekabr kuni Nukus shahridagi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri bilan birgalikda O‘zbekiston xalq artisti, Qoraqalpog‘istonga xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, Berdaq nomidagi davlat mukofoti sovrindori, kompozitor, dirijyor, pedagog, jamoat arbobi Olimjon Xalimovning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya, professor R.Allanbayevning "Amu bo‘yining oshig‘i" nomli monografiyasi taqdimoti va kompozitor asarlaridan iborat konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.
O‘z ichiga bir necha tadbirlarni qamrab olgan ushbu ajoyib xotira kechasi dastlab ilmiy-amaliy konferensiya bilan boshlandi. Unda professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar Olimjon Xalimovning hayoti va ijodiga oid ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
So‘ng O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filiali direktori, professor R.Allanbayevning "Amu bo‘yining oshig‘i" nomli monografiyasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Asar muallifi kitob mazmuni va mohiyati bilan yig‘ilganlarni qisqacha tanishtirib o‘tdi va Olimjon Xalimovning oila a’zolariga kitobni sovg‘a sifatida taqdim etdi.
Xotira oqshomi so‘ngida Olimjon Xalimov ijodiga mansub asarlar O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining "Jayhun" xalq cholg‘ulari orkestri va Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrining Simfonik orkestri tomonidan ijro etildi.
Tadbir so‘ngida tashrif buyurgan mehmonlar so‘zga chiqib, Olimjon Xalimovning ikkinchi hayoti xalq yuragida, sahnalarda, u yaratgan ajoyib asarlar orqali davom etayotganini yuksak ehtirom bilan yodga olishdi.



