ASK Facility dasturi: oziq-ovqat xavfsizligi va qiymat zanjirlarini rivojlantirish
2026-01-23 12:35:00 / Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va soha bo‘yicha bilimlarni oshirishga qaratilgan ASK Facility dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlar yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekistonda sut ishlab chiqarish hamda sabzavotchilik, xususan piyoz yetishtirish yo‘nalishlarida qiymat zanjirlarini rivojlantirish, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida erishilgan natijalar atroflicha muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, dastur doirasida texnik yordam ko‘rsatayotgan DT Global kompaniyasi vakillari, hamkor tashkilotlar hamda xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning 2020–2030 yillarga mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish strategiyasida oziq-ovqat xavfsizligi va qiymat zanjirlarini mustahkamlash ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Shu doirada sut yo‘nalishi bo‘yicha Samarqand va Andijon, piyoz yetishtirish bo‘yicha esa Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida chuqur tahlillar o‘tkazilgan.
Muhokamalar jarayonida xalqaro ekspertlar fermer, shaxsiy va tomorqa xo‘jaliklarida olib borilgan o‘rganishlar natijalarini taqdim etib, xalqaro tajribaga asoslangan amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish hamda uni Jahon savdo tashkilotining sanitariya va fitosanitariya talablari bilan uyg‘unlashtirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish ishtirokchilari ASK Facility dasturi doirasida olib borilayotgan ishlar mamlakatda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, qiymat zanjirlarini rivojlantirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilayotganini alohida e’tirof etdilar.




