Davlat tili — milliy g‘ururimiz va qadriyatimiz!
2026-10-12 11:40:00 / Yangiliklar
Davlat tilining nufuzini oshirish, uning imlo va adabiy til me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek, iste’molchilarga taqdim etilayotgan ma’lumotlarning davlat tilida to‘g‘ri va tushunarli ifodalanishini ta’minlash maqsadida Hazorasp tumanidagi umumiy ovqatlanish shoxobchalarida o‘rganish va monitoring ishlari olib borildi.
O‘rganish ishlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlisining 2026-yil 16-iyuldagi 78-sonli bayoni bilan tasdiqlangan ish rejasining tegishli topshirig‘i hamda Xorazm viloyati hokimining 2026-yil 9-sentabrdagi
01-19-09/10348-sonli xati ijrosini ta’minlash doirasida tashkil etildi.
Monitoring davomida tumandagi “Chinor”, “Akvarium”, “Alijon Shoxruxbek kaboblari”, “Jangirovs milliy taomlari” kafelari, “Shamaq” baliqxonasi hamda “Sulaymon Qal’a” restoranida iste’molchilarga taqdim etilayotgan taomnomalarning davlat tilida rasmiylashtirilishi, taom nomlarining yozilishi va ma’lumotlarning tushunarliligi o‘rganildi.
O‘rganishlar natijasida ayrim umumiy ovqatlanish shoxobchalarining taomnomalarida imlo va uslubiy kamchiliklar mavjudligi aniqlandi. Xususan, ayrim taom nomlarining noto‘g‘ri yoki noaniq yozilgani, bir xil turdagi taom nomlarida yagona yozuv uslubiga rioya qilinmagani kuzatildi.
Shuningdek, ayrim menyularda taomlar narxlarining aniq ko‘rsatilmagani, taomlarning tegishli guruhlarga ajratilmagani, tasvirlar sifati pastligi va yozuvlarni o‘qishda noqulayliklar mavjudligi qayd etildi. Jumladan, “Akvarium” kafesida logotipning menyudagi ayrim yozuvlar ustiga tushib qolishi taom nomlarini to‘liq o‘qishga xalaqit berayotgani aniqlandi.
Monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan shoxobcha rahbarlari va mas’ul xodimlariga tegishli tavsiya hamda ko‘rsatmalar berildi. Taom nomlarini davlat tilining imlo qoidalari asosida qayta ko‘rib chiqish, yozuvlarda yagona uslubga amal qilish, narxlarni aniq ko‘rsatish va menyularni iste’molchilar uchun qulay shaklda rasmiylashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Ta’kidlash joizki, davlat tiliga hurmat nafaqat rasmiy hujjatlarda, balki kundalik hayotimizda, xizmat ko‘rsatish sohasida va jamoat joylaridagi yozuvlarda ham namoyon bo‘ladi. Shu bois tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat tilining imlo me’yorlariga rioya etilishi, iste’molchilarga taqdim etiladigan axborotning savodli, aniq va tushunarli bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.
Mazkur monitoring ishlari davlat tilining nufuzini oshirish, yozma savodxonlikni yuksaltirish va xizmat ko‘rsatish sohasida til madaniyatini rivojlantirishga xizmat qiladi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar belgilangan tartibda nazoratga olindi.
M.Abdirimov
tuman hokimining maʼnaviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi.
