HAZORASP TUMANIDA TA’LIM SOHASIDA KENG KO‘LAMLI BUNYODKORLIK ISHLARI AMALGA OSHIRILDI
2026-09-14 18:40:00 / Yangiliklar

Bugun yurtimizda ta’lim sohasini rivojlantirish, yosh avlodga sifatli bilim berish uchun munosib sharoitlar yaratish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Zero, zamonaviy va sifatli ta’lim — mamlakat taraqqiyoti, jamiyat farovonligi va yurt kelajagini belgilab beradigan eng muhim omildir.
Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim muassasalarini zamonaviylashtirish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, o‘quvchilar uchun munosib va qulay sharoitlar yaratish borasida belgilab berilgan vazifalar ijrosi Hazorasp tumanida ham aniq amaliy natijalar bilan ta’minlandi.
Xususan, 2026-yilda tumanda ta’lim sohasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, qator maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari yangilandi, yangi o‘quv binolari barpo etildi, mavjud inshootlar rekonstruksiya qilinib, mukammal ta’mirdan chiqarildi.
Joriy yilda tuman bo‘yicha jami 9 ta ta’lim obyekti, jumladan, 7 ta maktab va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida qurilish, rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari bajarildi.
Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 43,5 milliard so‘mni tashkil etib, ishlar Islom taraqqiyot banki, OPEK jamg‘armasi hamda Davlat investitsiya dasturi mablag‘lari hisobidan amalga oshirildi.
Shundan, OPEK jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 14,8 milliard so‘m yo‘naltirilib, 5 ta ta’lim muassasasida jami 1 400 o‘rinli quvvat yaratildi.
Jumladan, 11-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti va 16-sonli maktabda rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 10-sonli va 18-sonli maktablarda qo‘shimcha binolar barpo etildi. 37-sonli maktabda yangi bino qurilib, mukammal ta’mirlash ishlari bajarildi.
Davlat investitsiya dasturi doirasida 28,754 milliard so‘m mablag‘ hisobiga, 4 ta ta’lim obyektida jami 1 250 o‘rinli quvvat yaratildi.
Xususan, 2-sonli maktabga qo‘shimcha bino qurilishi yakunlandi. 47-sonli maktab mukammal ta’mirlanib, yangi bino barpo etildi. 12-sonli maktab binosi 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotiga moslashtirildi. 54-sonli maktab uchun esa yangi zamonaviy bino barpo etildi.
Natijada, Hazorasp tumanida ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasi sezilarli darajada mustahkamlanib, jami 2 650 o‘rinli yangi ta’lim quvvati yaratildi
Eng muhimi, amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida minglab o‘quvchi va tarbiyalanuvchilar uchun zamonaviy, qulay va munosib ta’lim olish sharoitlari yaratildi.
Bu ishlar Hazorasp tumanida ta’lim sifatini yanada oshirish, yosh avlodning bilim va salohiyatini yuksaltirish uchun mustahkam zamin yaratdi.
Zero, ta’lim uchun yaratilgan har bir sharoit — kelajakka qo‘yilgan sarmoyadir.
Yangi va zamonaviy ta’lim maskanlari esa yurt ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan bilimli, salohiyatli va barkamol avlodni tarbiyalashga xizmat qiladi.
Hazorasp tumani hokimligi
matbuot xizmati









