Hazorasp tumanida xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda yangi rivojlanish strategiyasi shakllantirilmoqda
2026-08-13 15:05:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-iyuldagi PQ-4409-sonli hamda 2024-yil 31-yanvardagi PQ-47-sonli qarorlari ijrosi doirasida Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy, Qo‘ng‘irot tumanlari va Nukus shahri hamda Xorazm viloyatining Hazorasp, Shovot vaYangiariq tumanlarining rivojlanish istiqbollarini belgilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Loyiha doirasida hududlarning fazoviy-hududiy va master rejalarini ishlab chiqish maqsadida Ispaniyaning IDOM Consulting, Engineering and Architecture S.A.U. kompaniyasi yetakchiligidagi xalqaro konsultantlar jamoasi hamda O‘zbekistonning Kibera Technology LLC kompaniyasi jalb etilgan.
Konsultantlar jamoasining 2026-yil 10–20-avgust kunlariga mo‘ljallangan missiyasi doirasida bugun Hazorasp tumanida hududning fazoviy-hududiy va master rejalarini ishlab chiqish doirasida xalqaro konsultantlar jamoasi ishtirokida navbatdagi uchrashuv tashkil etildi. Unda tuman hokimligi vakillari, shaharsozlik sohasi mutaxassislari hamda loyiha ekspertlari ishtirok etdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi — Hazorasp tumanining mavjud holati, salohiyati va rivojlanish imkoniyatlarini o‘rganish, mahalliy ma’lumot va tajribalarni jamlash hamda ularni xalqaro shaharsozlik yondashuvlari bilan uyg‘unlashtirishdan iborat.
Ishtirokchilar mavzuli guruhlarga bo‘linib, tumanning kelgusidagi rivojlanishiga taalluqli bir qator ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha fikr va takliflarini bildirdilar.
Xususan, rejalashtirish va qurilish, harakatlanish va infratuzilma, turizm va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, sanoat, atrof-muhit, qishloq va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.
Har bir guruh doirasida hududdagi mavjud muammolar, foydalanilmagan imkoniyatlar va istiqboldagi rivojlanish nuqtalari tahlil qilinib, Hazorasp tumanining o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib, ustuvor vazifalar va istiqbolli loyihalar yuzasidan takliflar ishlab chiqildi.
Mazkur uchrashuv davomida bildirilgan fikr va takliflar Hazorasp tumanining uzoq muddatli rivojlanish istiqbollarini belgilash, zamonaviy fazoviy-hududiy va master rejalarni shakllantirish hamda kelgusida amalga oshiriladigan loyihalarni rejalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro ekspertlar tajribasi va mahalliy mutaxassislarning amaliy bilimlarini uyg‘unlashtirish orqali Hazorasp tumanida aholi uchun qulay yashash muhitini yaratish, iqtisodiy salohiyatni yanada oshirish, infratuzilmani rivojlantirish hamda hududning investitsiyaviy va turistik jozibadorligini yuksaltirishga qaratilgan yangi imkoniyatlar shakllantirilmoqda.
Hazorasp tuman hokimligi
matbuot xizmati









