Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi
2026-08-04 18:15:00 / Yangiliklar

Hazorasp tumani hokimligining katta majlislar zalida tuman hokimi, tuman prokurori, tuman DSI boshlig‘i, chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari hamda tegishli idoralar mas’ullari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yashirin iqtisodiyotni qisqartirish hamda ushbu yo‘nalishda davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan farmonlari hamda tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” ijrosi doirasida qassobchilik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqarolarning daromadlarini aniqlash, budjet tushumlarini oshirish va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil hamda 2026-yilning o‘tgan 5 oyi davomida 60 nafar fuqaro qassobchilik faoliyati uchun veterinariya klinik xulosalarini olgan. Shuningdek, ular tomonidan 2025-yilda 3 677 bosh (717 539 kg), 2026-yilning o‘tgan 5 oyida esa 1 383 bosh (279 011 kg) qoramol go‘shtini sotish uchun veterinariya hujjatlari rasmiylashtirilgani qayd etildi.
Yig‘ilishda mazkur shaxslarning Soliq kodeksida belgilangan tartibda budjetga to‘lovlarni amalga oshirishi tahlil qilinib, aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan belgilangan tartibda xabarnomalar berilgani ta’kidlandi.









