MUNOSABAT: Yoshlar kelajagi — Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori
2026-06-30 18:30:00 / Yangiliklar

Bugun, 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yosh avlod vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti Yangi O‘zbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, yigit-qizlarning bilimli, zamonaviy va raqobatbardosh bo‘lib voyaga yetishiga qaratilayotgan yuksak e’tiborning yana bir yorqin amaliy ifodasi bo‘ldi.
So‘nggi yillarda yurtimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, xorijiy tillar va axborot texnologiyalarini puxta o‘rganishi uchun keng ko‘lamli imkoniyatlar tizimi yaratildi. Bu jarayonda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar yoshlarning orzu-intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga hamda ularning jamiyatda munosib o‘rin egallashiga xizmat qilmoqda.
Uchrashuv davomida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan yangi tashabbuslar kasbga o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohasida malakali kadrlar tayyorlash kabi ustuvor vazifalarni qamrab oldi.
Eng muhimi, Prezidentimiz o‘z nutqida bugungi davr talabi va taraqqiyot mezonlarini aniq formula tarzida belgilab berdi:
"Bugungi kunning muvaffaqiyat formulasi, ertangi taraqqiyotning mustahkam zamini uchta eng muhim ustunga tayanadi. Bu – bilim, kasb va texnologiya! Mening niyatim – har bir yigit-qiz ana shunday imkoniyatga ega bo‘lib, hayotda munosib o‘rnini topsin", — dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda global raqobat sharoitida davlatlarning qudrati faqatgina tabiiy boyliklar yoki aholi soni bilan emas, balki bilimli insonlar, intellektual salohiyat va innovatsion g‘oyalar bilan belgilanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Prezidentimiz tomonidan yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch har bir yigit-qiz zimmasiga katta mas’uliyat ham yuklaydi. Zamonaviy ilm-fan va kasblarni egallash, raqamli texnologiyalarni puxta o‘zlashtirib, Vatan taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish bugungi yosh avlodning eng bosh vazifasiga aylanishi lozim.
Shubhasiz, tarixiy uchrashuvda belgilangan ustuvor vazifalar mamlakatimiz yoshlarining ichki imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Mazkur davlat siyosatining uzviy davomi sifatida, Hazorasp tumanida ham davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlash, tadbirkorlik tashabbuslarini rag‘batlantirish hamda zamonaviy texnologiyalarni o‘rganishi uchun mavjud barcha imkoniyatlardan samarali foydalanish borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettiriladi.
Zero, yoshlarga qaratilayotgan har bir e’tibor va yaratilayotgan sharoit — mamlakatning buyuk kelajagi uchun kiritilayotgan eng ishonchli sarmoyadir.
Jamila Usmanova,
Hazorasp tumani hokimligi Axborot xizmati rahbari.
