Yangi O‘zbekiston yoshlari — 2030: IMKONIYATLAR VA MAQSADLAR
2026-04-21 15:15:00 / Yangiliklar

Pichoqchi mahallasidagi 5-sonli umumta’lim maktabida yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish va ularni davlatimiz tomonidan yaratilayotgan yangi imkoniyatlar bilan tanishtirish maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Uchrashuv tuman hokimligi axborot xizmati rahbari J. Usmanova tashabbusi bilan mahalla xotin-qizlar faoli M. Jumaniyozova hamkorligida o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi o‘rinbosari M. Nurullayeva, viloyat va tuman Kengashi deputatlari G. Matmuratova va M. Vaisovlar ishtirok etib, yoshlar bilan yuzma-yuz muloqot qildilar.
Uchrashuvda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Jumladan, strategiyaning ustuvor yo‘nalishlari sifatida yoshlar uchun sifatli ta’lim va xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatlarini kengaytirish, bandlik va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, yosh oilalarga ko‘maklashish, psixologik yordam tizimini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish hamda yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari alohida ta’kidlandi.
O‘quvchi-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislardan batafsil javob oldilar. Albatta, bu kabi ochiq muloqotlar yoshlarning taklif va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashda eng samarali ko‘prik vazifasini o‘taydi hamda chekka hududlardagi yoshlarning ham davlat islohotlari markazida bo‘lishini ta’minlaydi.
Hazorasp tumani hokimligi
matbuot xizmati









