Hazoraspda zamonaviy kasblarga o‘qitish markazi ochildi: yoshlar uchun raqamli imkoniyatlar kengaymoqda
2026-02-18 11:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-martdagi “Kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–50-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, Hazorasp tumanida yoshlarning raqamli tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan yangi loyiha amalga oshirildi.
Farmonga muvofiq, BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda Rossiya Federatsiyasining moliyaviy ko‘magi hamda mahalliy tadbirkor bilan birgalikda “Ishkadr” zamonaviy kasblar markazi tashkil etildi. Markazda yoshlar uchun sifatli ta’lim muhitini yaratish maqsadida 788 million so‘m grant mablag‘lari jalb qilinib, muassasa zamonaviy kompyuter texnikalari va zaruriy jihozlar bilan to‘liq ta’minlandi.
Bugun bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida BMT Taraqqiyot Dasturi va Rossiya Federatsiyasi elchixonasi vakillari, viloyat va tuman hokimligi mas’ullari, nuroniylar, yoshlar va keng jamoatchilik vakllari ishtirok etdilar. Mehmonlar markazda yaratilgan sharoitlar, o‘quv dasturlari hamda yoshlarni bandlikka yo‘naltirishning samarali tizimi bilan yaqindan tanishdilar.
“Ishkadr” akademiyasida yoshlar quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha tahsil oladilar:
- IT-dasturlash va raqamli texnologiyalar;
- Sun’iy intellekt (AI) imkoniyatlaridan foydalanish;
- Zamonaviy marketing va savdo yo‘nalishlari;
- Xorijiy tillar (xususan, ingliz tili) va elektron tijorat.
Mazkur markaz nafaqat yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirishga, balki ularni mehnat bozorida yuqori malakali va raqobatbardosh mutaxassis sifatida shakllantirib, hududda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga xizmat qiladi.
Hazorasp tumani hokimligi
matbuot xizmati.









