Talabalar uchun stipendiya va grantlar

O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimida ta’lim olayotgan yoshlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish maqsadida davlat stipendiyalari tizimi izchil faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu tizim yoshlarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularning ilmiy-ijodiy salohiyatini rivojlantirish, iqtidorli va faol talabalarni aniqlash hamda qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Davlat stipendiyalari, avvalo, yuqori akademik ko‘rsatkichlarga ega, jamoat ishlarida faol, ilmiy va ijodiy izlanishlar olib borayotgan talabalar uchun muhim rag‘batlantiruvchi omil hisoblanadi. Ular orqali yoshlarda mas’uliyat, raqobatbardoshlik va kelajakdagi kasbiy faoliyatga puxta tayyorgarlik ko‘rish ko‘nikmalari shakllanadi.
Magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiyasi
Magistratura bosqichi talabalari uchun Prezident davlat stipendiyasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari boʻlgan, davlat oliy taʼlim tashkilotlarining kunduzgi taʼlim shaklida butun oʻqish davrida barcha fanlardan aʼlo baholarga oʻqiyotgan talabalarga tayinlanadi. Mazkur stipendiya respublika miqyosida belgilangan 22 ta tanlov yo‘nalishi bo‘yicha ajratilib, har bir yo‘nalish uchun 1 tadan kvota belgilanadi. Shunga muvofiq, oliy ta’lim tashkilotlari har bir tanlov yo‘nalishi bo‘yicha bitta nomzodni taqdim etish huquqiga ega.
Bakalavriat bosqichi talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli stipendiyalari
Bakalavriat bosqichi talabalari uchun Prezident davlat stipendiyasi respublikadagi davlat, nodavlat va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari, shuningdek, qo‘shma ta’lim dasturlarining kunduzgi taʼlim shaklida butun oʻqishi davomida faqat aʼlo baholarga oʻqiyotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan oxirgi kurs talabalariga tayinlanadi va toʻlanadi. Har bir oliy ta’lim tashkilotining bakalavriat bosqichidagi bir nafar bitiruvchi kurs talabasi Prezident davlat stipendiyasi sohibi bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, barcha fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari “a’lo” bo‘lgan (ko‘pi bilan 25 foizi “yaxshi”) hamda ilmiy yoki ijodiy faoliyatda faol ishtirok etayotgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha oxirgi ikki kurs talabalari uchun quyidagi nomli davlat stipendiyalari ta’sis etilgan:
- pedagogika yo‘nalishida – Abdulla Avloniy;
- texnika yo‘nalishlarida – Beruniy;
- tibbiyot yo‘nalishlarida – Ibn Sino;
- gumanitar yo‘nalishlarda – Navoiy;
- tabiiy fanlar yo‘nalishlarida – Ulug‘bek;
- tarix va geografiya yo‘nalishlarida – Bobur;
- jismoniy madaniyat va sport yo‘nalishlarida – Pahlavon Mahmud;
- Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim tashkilotlarida – To‘lepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov;
- Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida – Imom al-Buxoriy;
- barcha yo‘nalishlarda – Islom Karimov nomli davlat stipendiyalari.
Beruniy, Ibn Sino, Navoiy va Ulugʻbek nomli davlat stipendiyalari bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha yuqori kurslarning har ming nafar talabasiga bittadan;
Imom al-Buxoriy nomli davlat stipendiyasi Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining uch nafar yuqori kurs talabasiga;
Bobur nomli davlat stipendiyasi tarix va geografiya yoʻnalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʼlim tashkilotining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyasi jismoniy tarbiya va sport yoʻnalishlari uchun kadrlar tayyorlovchi har bir oliy taʼlim tashkilotining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Abdulla Avloniy nomli davlat stipendiyasi pedagogika yoʻnalishidagi har bir oliy taʼlim tashkilotining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Toʻlepbergen Qaipbergenov va Ibroyim Yusupov nomli davlat stipendiyalari Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi har bir oliy taʼlim tashkilotining bir nafar yuqori kurs talabasiga;
Islom Karimov nomli davlat stipendiyasi har bir oliy taʼlim tashkilotining bir nafar yuqori kurs talabasiga tayinlanadi.
Tanlov bosqichlari va imtiyozlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining dastlabki bosqichi oliy ta’lim tashkilotlarining o‘zida o‘tkaziladi. Ushbu bosqichda Prezident davlat stipendiyasi uchun eng ko‘p ovoz olgan uch nafar, nomli stipendiyalar bo‘yicha esa ajratilgan har bir kvota uchun eng ko‘p ovoz to‘plagan uch nafargacha nomzod oliy ta’lim tashkilotlari kengashlari tomonidan keyingi bosqichga tavsiya etiladi.
Stipendiya sovrindorlari talabgorlarning ilmiy ishlari, erishgan yutuqlari hamda test sinovlari natijalariga asosan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida tashkil etilgan tanlov komissiyalari qarori bilan aniqlanadi.
Muhim jihati shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohiblari bakalavriatni tamomlaganidan so‘ng ikki yil, nomli davlat stipendiyalari sohiblari esa bir yil davomida tegishli mutaxassislik bo‘yicha magistraturaga kirish imtihonlarisiz, qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi.
|
№ |
Nomi |
Yuklab olish |
|
|---|---|---|---|
|
1.
|
Magistratura bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyalarining tanlov yoʻnalishlari
|
||
|
2.
|
Bakalavriat bosqichi talabalari uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va nomli davlat stipendiyalarining tanlov yoʻnalishlari
|
||
|
3.
|
Oliy taʼlim muassasalari talabalari uchun stipendiyalarning belgilangan miqdorlari
|
| Talabalar va doktorantlar uchun davlat stipendiyalariga onlayn | ![]() |
|---|

