Qonunchilik targ‘iboti
QO‘SHIMCHA TA’LIM TIZIMINING YANGI HUQUQIY ASOSLARI
Ta’lim xizmatlarini takomillashtirishga qaratilgan O‘RQ–1091-son Qonun sharhi
2025-yil 23-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ–1091-son Qonuni qabul qilindi. Mazkur hujjat qo‘shimcha ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish, ayniqsa katta yoshdagi aholining ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarini qonunchilik darajasida mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ta’limga bo‘lgan talab ortmoqda
Bugungi kunda maktab yoshidagi bolalar bilan bir qatorda, kattalarning ham yangi bilimlar, zamonaviy ko‘nikmalar va kasbiy malaka olishga bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada oshgan. Shu bois o‘quv markazlari, axborot-kutubxona muassasalari, sog‘lomlashtirish-ta’lim tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lami kengaymoqda. Shunga mos ravishda, qonunchilikda ham qo‘shimcha ta’limning aniq huquqiy maqomi belgilanishi kun tartibiga chiqdi.
Mazkur Qonun ana shu ehtiyojni inobatga olgan holda, qo‘shimcha ta’lim sohasini mustaqil ta’lim yo‘nalishi sifatida belgilash, tartibga solish mexanizmlarini takomillashtirish va tegishli davlat organlari vakolatini aniq belgilab berishni nazarda tutadi.
Qonunda ko‘zda tutilgan asosiy yangiliklar
Qonun bilan jami 5 ta amaldagi qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Eng muhim o‘zgarishlardan biri — “maktabdan tashqari ta’lim” atamasi o‘rniga “qo‘shimcha ta’lim” tushunchasining joriy etilishi bo‘ldi. Bu esa ta’lim faqat bolalar bilan chegaralanmasligi, balki barcha yoshdagi fuqarolar uchun ochiq ekanini bildiradi.
Xususan:
1. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunga (O‘RQ–637-son, 2020-yil 23-sentabr) 11 ta modda bo‘yicha o‘zgartirish kiritildi.
-
Qo‘shimcha ta’limning mazmuni aniqlashtirildi. U ijodiy qobiliyatlarni rivojlantirish, kasbiy ko‘nikmalarni shakllantirish, intellektual va jismoniy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga xizmat qilishi belgilandi.
-
Qo‘shimcha ta’lim ikki yo‘nalishda ko‘rib chiqildi:
– bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim
– katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim -
Kattalar uchun qo‘shimcha ta’lim — qayta tayyorlash, malaka oshirish, yangi bilim va ko‘nikma olish uchun tashkil etilishi belgilandi.
-
Qo‘shimcha ta’limni tashkil etish tartibi tegishli respublika ijro etuvchi organlar tomonidan belgilanadi.
2. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga yangi vakolatlar berildi
Endilikda katta yoshdagilar uchun qo‘shimcha ta’lim, kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish faoliyati litsenziya asosida emas, balki belgilangan tartibda xabardor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bu — tadbirkorlik subyektlari uchun ortiqcha byurokratiyani kamaytiradi va sohani liberallashtiradi.
3. “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritildi
-
Ilovadagi 11-pozitsiyada “Maktabdan tashqari ta’lim faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma” atamasi “Qo‘shimcha ta’lim faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida xabarnoma”ga almashtirildi.
-
Xabardor qilish tartib-taomillaridagi vakolatli organlar ro‘yxatiga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi qo‘shildi.
Qonunning ahamiyati
Ushbu o‘zgartirishlar qo‘shimcha ta’limni faqat bolalar uchun emas, balki har bir fuqaro uchun ochiq va huquqiy asosga ega bo‘lgan ta’lim yo‘nalishi sifatida mustahkamlaydi. Natijada:
-
ta’lim xizmatlari bozori erkinlashadi;
-
malaka oshirish va qayta tayyorlash jarayonlari soddalashtiriladi;
-
fuqarolarning butun umr davomida o‘qish va rivojlanish imkoniyatlari kengayadi.
Qonun hujjatlari tizimiga mazkur o‘zgartirishlar kiritilgan hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025-yil 24-oktabrdan kuchga kirgan.
