Toshkentdagi ikkita texnikumda Xitoy–O‘zbekiston ustaxonalari ochildi
2025-11-03 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumning ikkinchi kuni innovatsiyalar, texnologiyalar transferi va startaplarni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi. Uchinchi sho‘bada ikki mamlakat vakillari o‘rtasida B2B uchrashuvlar, davra suhbatlari hamda hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Forum doirasida Innovatsiyalarni joriy qilish va texnologiyalar transferi milliy ofisi hamda Xitoyning ArkInno Hub (Shenzhen) Industrial Operation Co., Ltd. kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuv oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari, texnoparklar va tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida innovatsion hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Shuningdek, O‘zbekistonning bir qator kasbiy ta’lim muassasalari va Xitoyning ilg‘or ta’lim hamda sanoat tashkilotlari o‘rtasida ham memorandumlar imzolandi. Ular doirasida o‘qituvchi va talaba almashinuvi, qo‘shma o‘quv loyihalari, Xitoy tajribasiga asoslangan o‘quv dasturlarini joriy etish va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Forum ishtirokchilari uchun universitet va texnikumlarga tashriflar ham tashkil etildi. Tashrif davomida mehmonlar ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlari, moddiy-texnik bazasi va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Uchrashuvlar natijasi o‘laroq, Toshkent transport texnikumida “Xitoy–O‘zbekiston telekommunikatsiyalar sanoati ustaxonasi”, hamda Shayxontohur politexnikumida “Xitoy–O‘zbekiston yangi energiya vositalari ustaxonasi” ochildi.
Mazkur ustaxonalar telekommunikatsiyalar, yashil energiya texnologiyalari, elektrotexnika va energiya tejovchi mexanizmlar yo‘nalishida o‘rta bo‘g‘in malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi.









