O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollari biznes-forumi ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasida aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi
2025-09-03 17:50:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Belarus Respublikasi Milliy majlisi Respublika Kengashi Raisi Natalya Kochanova ochib berdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko murojaatlari o‘qib eshittirildi.
Majlisda ikki tomonlama hamkorlik istiqbollari, jumladan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, savdo-iqtisodiy, investitsion va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Anjumanda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Shohrux Daliyev ham ishtirok etib, o‘z nutqida ikki davlat o‘rtasidagi oliy va kasbiy ta’lim, ilm-fan hamda innovatsiyalar sohasida hamkorlik rivojlanayotganini ta’kidladi. Jumladan, 200 dan ortiq universitetlararo shartnomalar, 80 dan ortiq qo‘shma ta’lim dasturlari, Toshkentdagi Belarus–O‘zbekiston qo‘shma institutida 1 700 dan ortiq talabalar tahsili hamda oliy ta’limda qizlarning ulushi 50 foizga yaqinligi qayd etildi.
Yalpi majlis yakunida biznes-forum deklaratsiyasi qabul qilinib, kelgusi — to‘rtinchi forumni O‘zbekistonda o‘tkazish rejalashtirildi.
Ma’lumot uchun Forum doirasida qiymati 140 mln AQSH dollaridan ortiq 10 ta tijorat bitimi, 3 ta anglashuv memorandum, 27 ta shartnoma, 4 ta “yo‘l xaritasi” imzolandi.









