O‘zbekiston va Ozarbayjon: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik yangi bosqichda
2025-05-29 11:20:00 / Vazirlik yangiliklari

Uchrashuv davomida tomonlar oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirish, amaliy loyihalarni hayotga tadbiq etish hamda yoshlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi aloqalar ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiylikka tayanadi. Bugungi kunda bu munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilib, barcha sohalarda, jumladan ta’lim sohasida ham izchil rivojlanmoqda.
Shohrux Daliyev ta’lim sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etib, bu borada qator takliflarni ilgari surdi. Xususan, ikki davlat oliygohlari uchun manfaatli bo‘lgan yo‘nalishlarda qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, talabalar uchun yozgi maktablari tashkil etish, ta’lim turizmi sohasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish, neft-gaz, kimyo va yo‘l qurilishi sohalarida hamkorlikda ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish kabi yo‘nalishlar belgilab olindi.
Uchrashuvda, shuningdek, rektorlar forumi doirasida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida imzolangan hujjatlarning amaliy natijadorligini ta’minlash, ta’lim ko‘rgazmalarini o‘tkazish asaliyotini davomiy ravishda tashkil etish va talabalar uchun grantlar ajratish masalalari muhokama qilindi.
Ikki tomonlama muloqot O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ta’lim va ilm-fan sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi ta’kidlandi.
Uchrashuv samimiy va amaliy ruhda o‘tdi.


