Nukusda ilk bor dual ta’limga bag‘ishlangan respublika forumi tashkil etildi
2025-02-28 17:15:00 / Vazirlik yangiliklari

Forumda Qoraqalpog‘iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan kasbiy ta’lim tashkilotlari, vazirlik va korxonalar mutasaddilari ishtirok etdi. Ishtirokchilar kasbiy ta’lim tashkilotlarida dual ta’limni yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va natijalar bilan tanishdi.
Tadbirda mamlakatimizda yoshlarning kasblar va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, kasbiy ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish va bu borada amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Forumda respublikamizda dual ta’limni rivojlantirish istiqbollari, Germaniya tajribasi hamda o‘quvchi, korxona, ta’lim muassasasi va davlat hamkorligi haqida ma’lumot berildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 31 ta kasbiy ta’lim muassasasida 745 ta korxona va tashkilotlar bilan hamkorlikda dual ta’lim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, 1716 nafar o‘quvchi kasb va mutaxassislik sirlarini o‘rganmoqda.
Kelgusida Amudaryo, Qorao‘zak, Qo‘ng‘irot tumanlari va Nukus shahridagi texnikumlarda 10 dan ortiq kasb va mutaxassislik bo‘yicha dual ta’lim yo‘lga qo‘yilib, qamrov darajasini 3000 o‘quvchiga, kasblar sonini 20 ga, hamkor tashkilotlar sonini 1000 ga yetkazish rejalashtirilgan.
Forum doirasida kasbiy ta’lim tashkilotlari bilan vazirlik va korxonalar o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha tegishli shartnomalar imzolandi.
Forum dual ta’limni amaliyotga keng joriy etishning ahamiyati, mavjud muammolar va ularning yechimlari, kelgusidagi rejalar muhokamasi va savol-javoblar bilan davom etdi.