“Worldskills Samarkand-2025” doirasida xalqaro forum o‘tkazildi
2025-01-30 20:35:00 / Vazirlik yangiliklari
Forumning asosiy maqsadi – milliy kasbiy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi yondashuvlar, erishilgan natijalar va mavjud tajribalar yuzasidan fikr almashish hamda kelgusidagi rejalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Tadbirda milliy va xalqaro tajribaga ega bo‘lgan professional mutaxassislar ishtirok etdi.
Xususan, forumda Shveysariyaning “O‘zbekistonda professional va texnik ta’lim va o‘qitish islohotlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi rahbari Simona Strasburger, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi departament rahbari O‘tkirjon Alijonov, “Acwa Power SHEK”ni rivojlantirish loyihasi direktori Azuz Abdulmajid, ESABning Markaziy Osiyodagi rahbari Yekaterina Tatarinova, Qozog‘istonning Ko‘kshetau shahar qurilish-texnologiya kolleji direktori Yerlan Begaydarov, “Kazakhmys ChU” korporatsiyasining Politexnika kolleji direktori Aygul Sizdikova kabi xalqaro ekspertlar o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Shuningdek, forum doirasida “Kasbiy ta’lim va xorijiy tillarni rivojlantirish” nodavlat ta’lim muassasasi direktori Kamoliddin Berdiyev hamda qator texnikumlar direktorlari va boshqa mutaxassislar ta’lim tizimidagi ilg‘or tajribalar va dolzarb muammolar bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishdi.
Anjuman yakunida ishtirokchilar tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar muhokama qilinib, tegishli mas’ullarga tavsiyalar berildi.
Yig‘ilganlar mazkur forum O‘zbekistonda kasb-hunar ta’limini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro tajribalarni o‘rganish va ilg‘or yondashuvlarni joriy etish yo‘lida muhim qadam bo‘lganini alohida ta’kidlashdi.