Germaniya ta’lim standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga bag‘ishlangan anjuman tashkil etildi
2025-01-22 21:00:00 / Vazirlik yangiliklari
Anjumanda professional ta’limni rivojlantirish instituti direktori Zayniddin Xudoyberdiyev, Germaniyaning “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bosh direktori Klaus Mixel boshchiligidagi delegatsiya, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi kasbiy ta’lim tashkilotlarining rahbarlari, jumladan Farg‘ona viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Polvonov, tuman (shahar) hokimliklari va yirik ish beruvchi korxona hamda tashkilotlar vakillaridan iborat 500 nafarga yaqin soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Forum davomida kasbiy taʼlim tizimida ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh oʻrta boʻgʻin kadrlarni tayyorlash jarayonlariga manfaatdor vazirlik va idoralarni jalb qilish, ularning taʼlim tashkilotlari bilan hamkorliklarini kuchaytirish hamda birgalikda dual taʼlim shaklini keng joriy etish masalalariga eʼtibor qaratildi. Shuningdek, Germaniyaning “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, hamkorlikni yanada kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, tadbir davomida kasbiy ta’lim tizimida xalqaro ta’lim dasturlarini joriy etish, ichki va tashqi mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh o‘rta bo‘g‘in kadrlarni tayyorlash jarayonlariga manfaatdor vazirlik va idoralarni keng jalb qilish, ularni ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda dual ta’lim shaklini keng joriy etish masalalari yig‘ilganlar e’tiborida bo‘ldi.
Ma’lumot o‘rnida: Germaniyaning Laypsig shahar Hunarmandchilik palatasi va “AVESTOS” GmbH kompaniyasi bilan hamkorlikda Shahrisabz shahar va G‘uzor tuman 1-son politexnikumlarida to‘liq nemis ta’lim standartiga asoslangan kasbiy ta’lim tizimi joriy qilingan va bugungi kunda “Bino va inshootlar qurilishi” va “Metallar texnologiyasi” kasblari bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. 2024-yilning avgust-sentabr oylarida ushbu kasbiy ta’lim tashkilotlarining 8 nafar o‘qituvchisi Germaniyaning Laypsig shahar hunarmandchilik palatasida malaka oshirib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lishdi.