Islom moliyasi ta’limini rivojlantirish masalalari xalqaro forumda muhokama qilindi
2026-07-09 19:30:00 / Vazirlik yangiliklari

Nufuzli xalqaro anjumanda MDH mamlakatlarida Islom moliyasini rivojlantirish, sohaning me’yoriy-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Tadbirda regulyatorlar, xalqaro moliya institutlari vakillari, olimlar va soha ekspertlari ishtirok etdi.
Forumda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bo‘lim boshlig‘i Azamat Abdullayev ishtirok etib, “O‘zbekistonda Islom moliyasi ta’limi va inson kapitalini rivojlantirish: barqaror sohaviy o‘sish uchun poydevor yaratish” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzada O‘zbekistonda Islom moliyasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirishning besh bosqichli strategik yo‘nalishlari — huquqiy poydevorni mustahkamlash, professor-o‘qituvchilar salohiyatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ESG tamoyillarini joriy etish, milliy ilmiy merosni qayta tiklash hamda o‘quv dasturlarini xalqaro standartlarga moslashtirish masalalari yoritildi.
Anjuman doirasida O‘zbekistonning Islom moliyasi ta’limi va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi islohotlari xalqaro ishtirokchilar tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, Azamat Abdullayev xalqaro moliya institutlari va yetakchi universitetlar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, Islom moliyasi yo‘nalishida ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, professor-o‘qituvchilar malakasini oshirish hamda xalqaro sertifikatlash tizimlarini joriy etish bo‘yicha istiqbolli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildi.




