Navoiyda o‘tkazilgan “TalabaExpo – 2026” kasb ko‘rgazmasida 900 nafardan ortiq bitiruvchining ish o‘rni aniq bo‘ldi
2026-07-10 09:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Alisher Navoiy nomidagi bog‘ida tashkil etilgan tadbir “Kelajakka qadam” dasturi doirasida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi, Navoiy viloyati hokimligi hamda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamkorligida o‘tkazildi.
Ko‘rgazmada sanoat, xizmat ko‘rsatish, qurilish, bank-moliya, axborot texnologiyalari va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan 150 ga yaqin korxona va tashkilot ishtirok etib, 1 300 dan ortiq bo‘sh ish o‘rnini bitiruvchi yoshlarga taklif qildi.
Tadbir davomida ish beruvchilar va bitiruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar, suhbatlar hamda dastlabki tanlov jarayonlari tashkil etildi. Natijada 900 nafardan ortiq bitiruvchining ish o‘rni aniq bo‘lib, ularning bandligini ta’minlash bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishildi.
“TalabaExpo – 2026” yoshlarning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli kirib borishi, ish beruvchilar bilan bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yishi hamda malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplashda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda.
