Oliy ta’limning raqamli kelajagi: Bulutli infratuzilmaga o‘tish bo‘yicha memorandum imzolandi
2026-06-16 19:00:00 / Vazirlik yangiliklari

Mazkur memorandum O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich zamonaviy bulutli infratuzilmaga o‘tkazish, universitetlarning IT tizimlarini modernizatsiya qilish hamda ilg‘or bulutli texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
Hamkorlik doirasida mahalliy bulutli infratuzilmani yaratish, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash, zaxira nusxalash, avariyaviy tiklash, axborot xavfsizligini ta’minlash hamda boshqariladigan bulutli xizmatlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha texnik va tashkiliy masalalar ishlab chiqiladi.
Loyihani amalga oshirish Bulutistan kompaniyasining O‘zbekistondagi mahalliy bo‘linmasi – ICT BULUT BILISIM MCHJ tomonidan olib boriladi.
Ushbu tashabbus oliy ta’lim tizimining raqamli transformatsiyasini jadallashtirish, ma’lumotlarni mahalliylashtirish, axborot xavfsizligini mustahkamlash hamda ta’lim muassasalarida raqamli xizmatlarning samaradorligi va ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
Hamkorlikning navbatdagi bosqichida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilib, uni amaliyotga joriy etish bo‘yicha batafsil “yo‘l xaritasi” shakllantiriladi.



