“TalabaExpo–2026”: Namanganda 10 mingga yaqin bitiruvchini jamlagan yirik ko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda
2026-06-11 15:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Turon xalqaro universitetida o‘tayotgan ko‘rgazmada Namangan viloyatidagi oliy ta’lim tashkilotlarining 10 mingga yaqin bitiruvchi-talabalari qatnashmoqda.
Tadbir doirasida ishtirokchilarga 150 dan ortiq korxona va tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan 2000 dan ziyod bo‘sh ish o‘rni, startap va innovatsion loyihalar, kredit dasturlari, moliyaviy maslahatlar, kasbga yo‘naltiruvchi seminar-treninglar, ish beruvchi tashkilotlar taqdimotlari taklif etilmoqda.
Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zmilliybank” AJ, Savdo-sanoat palatasi hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida o‘tkazilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy hamkorlikni mustahkamlash, bitiruvchi yoshlarning bandligini ta’minlash hamda ularning kasbiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga alohida urg‘u berildi.
“TalabaExpo–2026” — bu yoshlar bilan ish beruvchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yo‘lga qo‘yuvchi, bandlik imkoniyatlarini kengaytiruvchi va kasbiy o‘sishga xizmat qiluvchi amaliy maydonga aylanmoqda.









