O‘zbekiston va Italiya universitetlarining birinchi forumi Toshkentda o‘tkaziladi
2024-05-30 16:50:00 / Vazirlik yangiliklari
“O‘zbekiston-Italiya” mavzusidagi davra suhbatida O.Mahkamov bilan Italiyaning Piza, Tushia, Turin politexnika, Perudji xorijliklar universitetlari vakillari o‘rtasida qator muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Ularning natijasiga ko‘ra Toshkent shahridagi Piza universiteti filialiga geologiya yo‘nalishi bo‘yicha Italiyalik professor-o‘qituvchilarni taklif qilishga kelishildi. Tushia universiteti Qishloq xo‘jaligi va o‘rmon fanlari bo‘limi (DAFNE), Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti va siyosati professori janob Simone Severini bilan arxeologiya, qishloq xo‘jaligi, muhandiklik yo‘nalishlarida qo‘shma ta'lim dasturlarini hamda yozgi maktablarni tashkil etishga kelishldi.
29-may kuni “Italiya-Markaziy Osiyo” tashqi ishlar vazirlarining uchinchi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Italiya va Markaziy Osiyo davlatlarining moliya, investisiyalar, sanoat va savdo, energetika, transport, ekologiya, ta’lim va ilm-fan sohalari vakillari ishtirok etdi.
Konferensiya panel sessiyalariga bo‘linib, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O.Maxkamov “Oliy ta’lim va bilim tarmoqlari” mavzusiga bag‘ishlangan 3-panel sessiyasida o‘z taqdimoti bilan chiqdi. O.Maxkamov o‘z nutqida, Italiya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim va ishonchli hamkorligi hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
Bundan tashqari, Italiya Universitetlar va tadqiqotlar vaziri Anna Mariya Bernini bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. A.Bernini universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va kengaytirish, Italiya universitetlarining O‘zbekistonda yangi filiallarini ochish, Italiyada muhandislik va texnika, geologiya, qishloq xo‘jaligi texnologiyasi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ilmiy tadqiqot dasturlarini amalga oshirish va ularni moliyalashtirishga qiziqish bildirdi.
Shu bilan birga, 2024-yil sentabr oyi oxirida O‘zbekiston va Italiya universitetlarining birinchi forumini Toshkentda o‘tkazish va Italiya delegasiyasiga vazir A.Bernini shaxsan o‘zi rahbarlik qilishga tayyorligini ma’lum qildi.