OTMlar xalqaro turizm yarmarkasida ilmiy ishlanmalari va turpaketlarini namoyish etdi
2025-11-29 17:05:00 / Vazirlik yangiliklari

Oliy ta’lim muassasalari vakillari va turizm yo‘nalishidagi talabalar hududlarning tarixi, turistik obyektlari va o‘ziga xos xususiyatlariga asoslangan turpaketlar, ilmiy-tadqiqotlar natijasida yaratilgan axborot materiallari, video va foto kontentlar bilan tanishdi hamda oliygohlarning turizm ta’limi va ilmiy faoliyati bo‘yicha ishlab chiqilgan ishlanmalarni keng jamoatchilikka taqdim etdi.
29-noyabr kuni yarmarka doirasidagi “Turizm, fan va ta’lim: kelajakka nazar” xalqaro turizm forumi o‘z ishini yakunladi. Taqdirlash marosimida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyazov, turizm sohasi ekspertlari, ilmiy tashkilotlar vakillari hamda yosh tadqiqotchilar ishtirok etdi.
Forumda “Students Cup 2025” Respublika tanlovi va “HSE Creative Open: O‘zbekiston madaniyati zamonaviy dizaynda” xalqaro onlayn tanlovining g‘oliblari e’lon qilindi. Ularga diplom, pul mukofotlari va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbir tashkilotchiligida faol qatnashgan 30 ga yaqin ko‘ngilli talaba ham taqdirlandi. “Students Cup 2025” tanlovida mamlakatning 30 ta oliy o‘quv yurtidan 80 dan ortiq loyiha ishtirok etgani ta’kidlandi.
Shuningdek, “Turizmni ilmiy va ma’rifiy rivojlantirish bayroqdorlari” nominatsiyasi bo‘yicha turizmni rivojlantirish tashkilotlari va ilmiy maktablar taqdirlandi.
Bu yilgi yarmarka mintaqaning turizm salohiyatini targ‘ib qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish va yangi tashabbuslarni ilgari surish uchun muhim platforma bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: Oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan 2025-yilda tuman va shaharlarning turizm salohiyati, hudud tarixi va madaniyati bo‘yicha jami 6809 ta kontent yaratildi. Shundan 1182 ta axborot, 1272 ta video va 4355 ta foto materiallar xorijiy tillarda tayyorlangan.






