Toshkentda “QS Eurasia Forum – 2025” boshlandi
2025-11-25 10:10:00 / Vazirlik yangiliklari

Tadbirda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkiya, Vengriya, Yevropa Ittifoqi va Yaqin Sharq mamlakatlari oliy ta’lim va ilmiy muassasalari, hukumat idoralari va xalqaro tashkilotlaridan 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashmoqda.
Forumning ochilish marosimida QS (Quacquarelli Symonds) prezidenti va Boshqaruv Kengashi raisi Nuntsio Kvakvarelli so‘zga chiqib, Yevroosiyo mintaqasida oliy ta’limning yangi strategik istiqbollari, xalqaro integratsiya va ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarni ta’kidladi. Central Asian University vasiylik kengashi raisi Abdujabbor Abduvohidov Markaziy Osiyoda xalqaro ta’lim muhitining jadallik bilan rivojlanayotgani, universitetlararo hamkorlik va qo‘shma loyihalar soni ortib borayotganini qayd etdi. Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Elchisi Timoti Smart esa ta’lim diplomatiyasi davlatlararo yaqinlikni kuchaytirish, Sharq va G‘arb o‘rtasida barqaror ilmiy ko‘priklar qurish imkonini berayotganini bildirdi.
Forumning rasmiy qismida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov O‘zbekistonda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, xalqaro reytinglar bilan ishlash, ta’lim sifatini oshirish va universitetlarning global raqobatbardoshligini kuchaytirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar yuzasidan ma’ruza qildi. Shuningdek, Qozog‘iston fan va oliy ta’lim vaziri Nurbek Sayasat hamda Ozarbayjon ta’lim va fan vaziri Emin Amrullayev Yevroosiyo mintaqasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy ta’lim infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
Forumning birinchi panel sessiyasi “Sharq va G‘arbni bog‘lashda Yevroosiyo oliy ta’limining roli” mavzusiga bag‘ishlandi. Unda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va BAA universitetlari rahbarlari, shuningdek QS vakillari ta’lim sohasida hamkorlikning yangi mexanizmlari, mintaqaning geografik va intellektual ustunliklari, qo‘shma dasturlar, ilmiy tadqiqotlar, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish bo‘yicha o‘z qarashlarini bildirdilar.
Toshkentda o‘tayotgan “QS Eurasia Forum 2025” Yevroosiyo ta’lim makonida oliy ta’limni rivojlantirish, davlatlararo hamkorlikni kengaytirish va dunyo universitetlari bilan hamkorlikning yangi bosqichini shakllantirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilmoqda. Forum 26-noyabrga qadar davom etadi.









