Yoshlar va sport – kelajakka yo‘naltirilgan e’tibor
2026-06-22 15:30:00 / Yangiliklar

Bugun Do‘stlik tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Ismat Qarshiboyev tuman sport maktabida bo‘lib, velosport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgan yoshlar bilan samimiy uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni kashf etish hamda ularning xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.
Muloqot chog‘ida Do‘stlik tumanida barpo etilgan Yoshlar shaharchasi va uning hududida zamonaviy sport majmuasining tashkil etilayotgani ham yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi ekani ta’kidlandi. Ushbu inshootlar kelgusida yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi, iqtidorini ro‘yobga chiqarishi va sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv davomida velosport bilan shug‘ullanuvchi yoshlar o‘zlarini qiziqtirayotgan masalalar, mavjud taklif va tashabbuslarini bildirdilar. Yoshlar tomonidan ko‘tarilgan murojaatlar atroflicha tinglanib, ularni hal etish hamda sport infratuzilmasini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Bunday ochiq muloqotlar yoshlarning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish hamda mamlakatimizda sog‘lom, barkamol va vatanparvar avlodni tarbiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu ishlarga xizmat qilmoqda.



