Xalq bilan muloqot — muammolar yechimining muhim omili
2026-06-22 14:10:00 / Yangiliklar

Bugun Do‘stlik tumanida aholi bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, fuqarolarni o‘ylantirayotgan masalalarni bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish va ularni tezkor hal etish maqsadida tuman hokimi, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati Shavkat Darvishev tomonidan navbatdagi sayyor qabul o‘tkazildi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan bandlikni ta’minlash, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, kommunal xizmatlar sifati, yo‘l va infratuzilma, yer hamda uy-joy masalalari, shuningdek, boshqa ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlardagi murojaatlar atroflicha tinglandi. Har bir murojaat bo‘yicha mas’ul tashkilot va idoralar rahbarlari ishtirokida muhokama olib borilib, ularni hal etish yuzasidan aniq vazifalar belgilandi. Ayrim masalalar esa qabul jarayonining o‘zida ijobiy yechim topdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda davlat organlari faoliyatining bosh mezoni – insonga xizmat qilish, xalq dardini tinglash va muammolarni amaliy hal etish tamoyili asosida tashkil etilmoqda. Shu ma’noda, joylarda muntazam o‘tkazilayotgan sayyor qabullar fuqarolar bilan bevosita muloqotni mustahkamlash, ularning murojaatlariga tezkor va samarali yechim topish, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Qabul yakunida kelib tushgan barcha murojaatlar ijrosi alohida nazoratga olinishi, ularning qonuniy va ijobiy hal etilishini ta’minlash bo‘yicha mas’ul mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Do‘stlik tumanida fuqarolar manfaatlarini ta’minlash, ularning hayot sifatini yaxshilash hamda har bir murojaat ortida inson taqdiri turganini chuqur anglagan holda tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
