Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirildi
2026-06-19 17:05:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasining 2026 yil 11 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1151-sonli Qonuni qabul qilindi.
Hammamizga ma’lumki, asr vabosi bo‘lgan giyohvandlik balosi yer yuzi bo‘ylab tez sur’atlar bilan keng miqyosda tarqalib bormoqda.
Giyohvandlikning jamiyatdagi zararlari to‘g‘risida dunyo ommaviy axborot vositalari orqali ko‘pdan-ko‘p ma’lumotlar berildi, unga bag‘ishlab ko‘pgina mamlakatlarda, shu jumladan O‘zbekistonda ham qator xalqaro anjumanlar o‘tkazildi, giyohvandlikka qarshi chora-tadbirlar ko‘rish maqsadida ko‘plab mahalliy va xalqaro tashkilotlar ta’sis etildi. Lekin, afsuski, bu balo hanuz o‘z ishini qilib kelmoqda. Ayniqsa, sintetik narkotiklarning paydo bo‘lishi va inson omilisiz internet orqali tarqatish usullarining kengayishi bu tahdidni yanada kuchaytirmoqda.
Shu sababli dunyoning ko‘plab davlatlari qatorida O‘zbekiston ham narkojinoyatchilikka qarshi kurashish siyosatini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Bu balodan avlodlarimizni asrash yo‘lida mamlakatimizda ham juda ko‘p ishlar amalga oshirilmoqda. Har yili “26 iyun kuni”ni “Giyohvandlikka qarshi kurash kuni” sifatida belgilanganligi ham shu xususda qilinayotgan xayrli ishlardan sanaladi.
Ushbu illatga qarshi kurashish borasida qilinayotgan islohotlarning davomi o‘laroq, Prezidentimiz tomonidan 2026 yil 11 iyun kuni “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarining va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-1151-sonli Qonunni imzolanishi - giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganligini anglatadi.
Ushbu qonun dunyo miqyosida sintetik narkotiklar xavfi ortib borayotgani, ularning inson omilisiz Internet orqali tarqatilishi va yashirin narkolaboratoriyalar ko‘payayotgani sababli, millat genofondi hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida qabul qilindi.
Qonun jamiyatda giyohvandlik va «apteka narkomaniyasi»ga qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini tubdan kuchaytiradi.
Qonundagi muhim yangiliklardan biri Jinoyat kodeksida “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” deb nomlangan alohida bobning kiritilishidir. Bunday yondashuv giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarning har qanday ko‘rinishini jinoiy ta’qib qilish orqali unga qarshi kurashish borasida mutlaqo yangi va keskin usulda kurashilayotganligini ko‘rsatadi. Endilikda mazkur qilmishlar faqat jamoat xavfsizligiga qarshi jinoyat sifatida emas, balki millat salomatligi va kelajak avlod taqdiriga qarshi tahdid sifatida baholanmoqda.
Mazkur bobga avvaldan mavjud bo‘lgan 16 ta modda bilan bir qatorda, aholi salomatligiga o‘ta xavfli bo‘lgan yangi jinoyat tarkiblari ham kiritildi.
So‘nggi yillarda sintetik narkotiklar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ortib borayotgani kuzatilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bugungi kunda tarqalayotgan ko‘plab sintetik narkotiklar aynan yashirin narkolaboratoriyalarda tayyorlanmoqda.
Shu munosabat bilan Jinoyat kodeksi g‘ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyatini ta’minlash uchun javobgarlik nazarda tutilgan 276-1-moddasi bilan to‘ldirildi. Bunday qilmishlar uchun 5-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi. Bu norma narkotiklarni tarqatuvchilarga emas, balki ularni ishlab chiqaruvchi va jinoiy zanjirning asosiy bo‘g‘inini tashkil etuvchi shaxslarga qarshi kurashish imkonini beradi.
Shu sababli Jinoyat kodeksi bilan mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali narkotik vositalarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish, rahnamolik qilish yoki bunday jinoyatlar fosh bo‘lishining oldini olish maqsadida oldindan xabar berish uchun ham 5-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini nazarda tutuvchi 276-3-moddasi bilan to‘ldirildi. Bu davlatning narkotik biznesi bilan bog‘liq har qanday korrupsion munosabatlarga nisbatan murosasiz siyosat yuritayotganini anglatadi.
Giyohvandlikning tarqalishida bangixonalar alohida o‘rin tutadi. Bunday joylar nafaqat narkotik vositalar iste’mol qilinadigan muhit, balki yangi iste’molchilar jalb qilinadigan va boshqa jinoyatlar sodir etiladigan xavfli nuqtalar hisoblanadi.
Qonun bilan giyohvandlik vositalari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish va tarqatish uchun bangixona tashkil qilish yoki saqlashdan iborat qilmish JKning 276-2-moddasida alohida jinoyat tarkibi sifatida berilib, bunday qilmish uchun 3-yildan 12-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutildi. Bu orqali narkotiklar tarqalishi uchun sharoit yaratayotgan shaxslarga qarshi ta’sirchan huquqiy to‘siq yaratilmoqda.
Giyohvandlikning eng og‘ir oqibatlari, avvalo, yoshlar hayotida namoyon bo‘ladi. Narkotik moddalar ta’siriga tushib qolgan yosh ko‘pincha ta’limdan uzoqlashadi, mehnat bozorida raqobatbardoshligini yo‘qotadi va jinoyatchilik muhitiga kirib qoladi. Shuning uchun ham yangi qonunda yoshlar va voyaga yetmaganlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Endilikda voyaga yetmagan shaxsni kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb etganlik uchun JKning 276-10-moddasida to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilandi. Bundan tashqari, ta’lim muassasalari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlari yoki ularga tutash hududlarda narkotik yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilishga jalb qilish uchun 5-yildan 10-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi joriy etildi.
Shuningdek,O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismidagi giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda «sotish» tushunchasining kengroq ma’nodagi «o‘tkazish» atamasi bilan almashtirilishi qonunchilikdagi jiddiy bo‘shliqni to‘ldirishga qaratilgan bo‘lib, u juda muhim huquqiy va amaliy ahamiyatga ega.
Zero, jamiyat uchun giyohvandlik moddasining pul evaziga sotilishi yoki bepul tarqatilishi o‘rtasida hech qanday farq yo‘q — har ikkala holatda ham odamlar zaharlanadi. Buni huquqiy jihatdan baholaydigan bo‘lsak, ijtimoiy xavfning tengligini ko‘rishimiz mumkin, ya’ni bungda xavf giyohvandlik moddalarini sotishda yoki uni hadya qilishda emas, balki uning insonlar qo‘liga iste’mol uchun yetkazilishida. «O‘tkazish» atamasi esa ushbu xavfni to‘liq qamrab oladi.
Ushbu qonunga qadar amalda bo‘lgan JKning 273-moddasi 5-qismida faqat sotish yo‘li bilan o‘tkazganlik og‘irroq jazoga sazovor bo‘lar edi. Shuning uchun ham bunday ishlar bo‘yicha ashyoviy dalil tariqasida olingan giyohvandlik vositasi xoh u 1 gramm bo‘lsin yoki 50 kg “Geroin” bo‘lsin, agar aybdorning ushbu moddani sotish faktini aniqlanmasligi tomonlarning aybdorni harakatlarini JKning 273-moddasini yengilroq jazoni nazarda tutuvchi boshqa qismlari bilan kvalifikatsiya qilish borasida haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.
Qolaversa, ushbu holatda qonunni chetlab o‘tish holatlari yuzaga kelayotgan edi. Chunki, jinoyatchilar giyohvandlik vositalarini tekinga berish (hadya qilish), qarz evaziga berish, boshqa narsaga ayirboshlash yoki yashirin usullar (masalan, Internet orqali «zakladka» — yashirib ketish) orqali tarqatganda, ularning harakatini «sotish» (pul olmagani va tijorat qilmagani sababli) deb kvalifikatsiya qilishda qiyinchiliklar tug‘ilayotgan edi.
Yoki zamonaviy narkotijorat usullari paydo bo‘lishiga sabab bo‘layotgandi. Chunki, hozirgi kunda sintetik narkotiklar pul mablag‘larini elektron hamyonlar (kriptovalyuta) orqali o‘tkazib, moddaning o‘zini esa inson omilisiz, yashirin joylarga tashlab ketish orqali tarqatilmoqda. Bunday holatlarda bevosita «oldi-sotdi» faktini isbotlash tergov organlari uchun murakkab edi.
JK 273-moddasiga kiritilayotgan bu yangilik esa jazo muqarrarligi ta’minlashga, tergov va sud amaliyoti osonlashishiga xizmat qiladi.
Endilikda giyohvandlik moddalarini ko‘p miqdorda tarqatishning har qanday shakli — xoh pul evaziga sotish bo‘lsin, xoh tekinga berish, sovg‘a qilish, almashtirish yoki Internet orqali yashirin joylarga tashlab ketish («o‘tkazish») bo‘lsin — birdek og‘ir jazoga (10 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish) sabab bo‘ladi.
Huquq-tartibot organlari jinoyatchining aynan «pul olgani yoki tijoriy manfaat ko‘rganini» isbotlashi shart bo‘lmaydi. Moddaning boshqa shaxsga qonunga xilof ravishda topshirilgani (o‘tkazilgani) faktining o‘zi jinoyatni to‘liq kvalifikatsiya qilish uchun yetarli hisoblanadi.
Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham muhim o‘zgartish kiritildi. Endilikda giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni jamoat joylarida iste’mol qilganlik uchun MJtKning 187-1-moddasida javobgarlik belgilanib, unda 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi nazarda tutildi. Chunki aholi ko‘z o‘ngida narkotik moddalar iste’mol qilinishi boshqalarga, ayniqsa, yoshlarga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu esa g‘ayriijtimoiy xulq-atvorning ommalashishiga sabab bo‘ladi.
Tahlillar so‘nggi yillarda narkojinoyatlar bo‘yicha takroriy huquqbuzarliklar ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Ayrim hollarda mahkumlar jazo muddatining yarmidan ham kam qismini o‘tab, ozodlikka chiqqan va qisqa vaqt ichida yana jinoyat sodir etgan.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkin-ki, mazkur qonun huquq-tartibot organlariga zamon talablariga mos qurol berish orqali har bir oila va yoshlar hayotini zaharlanishdan asraydi. Giyohvandlikning oilalar buzilishi, nogiron go‘daklar tug‘ilishi va yoshlar umri xazon bo‘lishiga olib keladigan oqibatlari oldi olinadi. Ko‘chalar va ta’lim maskanlari bunday illatdan xavfsiz hududga aylanadi. Aholi salomatligi, millat genofondi va yoshlar xavfli ta’sirlardan himoya qilinadi.
Albatta, buning uchun sizu bizdan jamiyatimizning har bir a’zosida ushbu qonun o‘z hayotiga daxldor ekanligi tuyg‘usini shakllantirish va bu illatga qarshi birgalikda kurashish immunitetini yaratish talab etiladi.
A.F.Urinov,
Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudinig tergov sudyasi
